Naziraning benazir asarlari koʻrgazmasi
Namangan viloyati tarixi va madaniyati muzeyida Oʻzbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi fotorassom shoʻbasi aʼzosi, jurnalist, shoira Naziraxon Boymurodovaning “Vodiylarni kezarman dilxush” deb nomlangan fotosanʼati ijodiy koʻrgazmasi ochildi.
Koʻrgazmada fotoijodkorning yurtimiz betakror goʻzal manzaralari, keyingi yillarda mamlakatimizda boʻy koʻrsatayotgan bunyodkorlik samaralari, tobora gullab-yashnab borayotgan hududlarimiz, xalqimizning farovon hayoti, viloyatlarda oʻtkazib kelinayotgan bayram, festival singari va boshqa oʻziga xos madaniy tadbirlarni tarixga muhrlagan ikki yuzdan ziyod fotosuratlar keng jamoatchilik eʼtiboriga havola etildi.
— Bugun mamlakatimizda kechayotgan ulugʻvor ishlarning har bir lahzasi suratlarga muhrlab qoʻyishga arzigulik. Vodiy boʻylab tashkil qilayotgan koʻrgazmalarimizni yurtdoshlarimiz oʻzgacha bir ishtiyoq bilan kelib tomosha qilib ketishayotganidan juda mamnunman, — deydi Nazira Boymurodova. — Chunki, men fotosanʼati orqali ona-vatanimizga boʻlgan sidqidil muhabbatimni izhor qilish bilan birga bilan xalqimizning boy madaniy merosi, urf-odat va qadriyatlarini, shuningdek millatlararo doʻstlik, bagʻrikenglik anʼanalarini ulugʻlovchi ijodiy ishlarimni kelajak avlod, buyuk tariximiz uchun qoldirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga oʻz hissamni qoʻshish maqsadida boshqa ishlardan oʻzimni ozod qilib shunday koʻrgazmalar oʻtkazishni niyat qilganman.
Koʻrgazma doirasida Nazira Boymurodova yuz nafarga yaqin fotohavaskor yoshlar bilan ijodiy muloqot qilib, ular uchun mahorat darslari oʻtib berdi.
Koʻrgazma 15-apreliga qadar namoyish qilinadi.
Akramjon Sattorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring