Navoiy va onam(esse)

17:51 26 Yanvar 2021 Jamiyat
1642 0

Ilk bor Navoiyni onam tilidan anglaganman. “Xamsa” baytlarini yurak shevasiga aylantirgan volidam bizga bolalikdan dunyoni ravshanroq, tafakkur ila koʻrsatishga urindi. Har birimizga adabiyotni sevgan odamdan yomonlik chiqmasligi, u esa koʻp soʻzlash emas koʻp oʻqib mulohaza qilmoq ekanligini uqtirdi. Bugun farzandlar ilm yoʻlidan ketdik, hazrat Alisher hikmatlariga yukindik.

Yodimda, akam ilk bor oliy taʼlim muassasasi imtihonlaridan yiqilib maʼyus tortganlarida, onam dastlabki soʻzini Navoiy baytidan boshlagan:

"Urugʻ yerga tushib chechak boʻldi

Qurt jondan kechib ipak boʻldi

Lola tuxmicha gʻayrating yoʻqmu?!

Pilla qurticha himmating yoʻqmu?!

Bolam, hazratimiz urugʻ yerga tushgach chechak boʻlganligi va bizning ham shunday gʻayratli boʻlishimiz kerakligini taʼkidlayaptilar. Shuning uchun oʻksinma, himmatli boʻl, Olloh oyoqlarimdan ayirdi, dema balki qanot ato etayotgandir!"

Biz shu ovozda dunyoni tingladik. Sabr, gʻayrat, saxovatu himmatni, charx goʻzalligiyu, tafakkur durdonalarini mana shu sas orqali yangrayotgan Navoiydan oʻrgandik. Uning bitiklarida hayot xaritasi bor edi goʻyo. Qay manzilimiz botqoq, qay biri esa quyoshli, qay tomon yursak yoʻllarimiz nurafshon...

Onam aytganlaridek, ul zot orqali yaratganning neʼmatlariga shukr dedik, chin eʼtiqodu sabru qanoatni oʻrgandik. Zero, Mir Alisher bobomiz Tangri himmatining cheksizligi ifodasi sifatida bir gʻazalida shunday deydi:

Boʻlmagʻay erdi muyassar, “Xamsa” yaʼni panji ganj

Qilmasa erdi madad holimgʻa besh olti abo.

Yoki yana bir gʻazalida boshimizga neki kelsa taqdirdan, biz esa uni xoh gʻazab, xoh inoyat bilib qabul qilishimiz mumkinligini va soʻnggi xulosa oʻzimizdan ekanligini aytadi:

Ne kelsa charxdin, ich bidakim, tafovuti yoʻq

Agar inoyat etarsen anga, yoʻq ersa gʻazab.

Vatan dardi va yurt ishqini, ilmsizlik azobiyu, bilim marvaridlarini Navoiy shaklida his qilamiz.

Bugun dilimga 300ga yaqin gʻazalni tuydim. Ularni volidam sharofati bilan hayotga tatbiq etmoqlikni oʻrgandim.

Hamonki, Navoiy deyilganda uning “Guli Raʼno”si otliq onam koʻz oldimda gavdalanadi. Ul ism sharofati ila hazrat qalbimda barhayotdir.

Eʼzoza Umurzoqova

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер