Natijaga asoslangan boshqaruv – qishloq, suv xoʻjaligi va ekologiyada samaradorlikka yoʻl
Foto: AI
Soʻnggi yillarda qishloq va suv xoʻjaligi, ekologiya sohalarida davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish masalalari tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu sohalar iqtisodiyotning barqaror oʻsishi va aholining hayot sifati bilan bevosita bogʻliq boʻlib, yer va suv resurslarining cheklanganligi hamda ekologik bosimning ortib borishi zamonaviy servis tamoyillariga asoslangan yangicha boshqaruv tizimiga oʻtishni taqozo etmoqda.
Shu nuqtayi nazardan, davlat boshqaruvida natijaga asoslangan tizimni joriy etishga qaratilgan Farmonning qabul qilinishi qishloq, suv xoʻjaligi va ekologiya sohalarida mavjud muammolarni tizimli hal etish, masʼuliyat va javobgarlikni kuchaytirish, shuningdek, resurslardan samarali foydalanishni taʼminlash zarurati bilan izohlanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni boshqaruvda natijadorlikni bosh mezon sifatida belgilab, davlat organlaridan aniq va oʻlchanadigan natijalarga erishishni talab etadi.
Jumladan, qishloq va suv xoʻjaligi hamda ekologiya sohalarida tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, sohaviy dasturlar ijrosida javobgarlikni kuchaytirish, ularning real iqtisodiy, ekologik va ijtimoiy taʼsirini taʼminlash, shuningdek, davlat organlari faoliyatini aholi, fermerlar va atrof-muhit manfaatlariga xizmat qildirish kabi natijaga yoʻnaltirilgan maqsadlar belgilangan.
Farmonda joriy etilishi nazarda tutilgan yangi tizim agrosanoat majmuini oqilona boshqarish va uning samaradorligini oshirishga qaratilgan. Xususan, agrar sohada koʻrsatiladigan xizmatlar toʻliq xatlovdan oʻtkaziladi, agrosanoat majmuidagi byudjet tashkilotlariga tegishli bino va inshootlar roʻyxati shakllantiriladi. Shuningdek, “Yagona darcha” tamoyili asosida agroxizmatlar koʻrsatuvchi tashkilotlarni yagona binoga joylashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqilib, “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)lar”da ushbu tizim bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Bu chora-tadbirlar qishloq xoʻjaligida xizmatlar sifatini yaxshilash, ularni tizimli monitoring qilishni yoʻlga qoʻyish hamda fermerlar va boshqa agrobiznes subyektlari uchun qulay muhit yaratishga xizmat qiladi. Xususan, Jizzax viloyati Sh.Rashidov tumanida oʻtkazilgan tahlillar agrokompleks tarkibiga kiruvchi tashkilotlar tarqoq joylashgani, faoliyati koʻproq maʼmuriy-boshqaruvga yoʻnaltirilgani va xizmat koʻrsatish samarali tashkil etilmaganini koʻrsatdi. Bu esa fermerlarni bir masala boʻyicha bir nechta tashkilotlarga murojaat qilishga majbur qilib, ortiqcha vaqt va mablagʻ sarfiga, natijada xoʻjalik yuritish samaradorligining pasayishiga olib kelmoqda.
Shuni inobatga olgan holda, tumanda “yagona darcha” tamoyili asosida agrointegratsiya markazi tashkil etiladi va uning qoshida sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda situatsion-tahliliy markaz hamda dron xizmati yoʻlga qoʻyiladi. Bunda tuman agrokompleks tashkilotlari yagona binoda joylashtirilib, xizmatlar sifati oshiriladi va kompleks tarzda ish tashkil etish imkoniyati yaratiladi.
Natijada agroxizmatlar koʻrsatish jarayoni 2–3 barobar tezlashadi, murojaatlarni koʻrib chiqish muddatlari qisqaradi, idoralararo hamkorlik va axborot almashinuvi yaxshilanadi. Bu orqali boshqaruv samaradorligi taʼminlanib, davlat idoralariga nisbatan ishonch ortadi. Ushbu tizim 2026–2027-yillar davomida “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi” 33 ta tuman (shahar)da joriy qilinishi belgilangan.
Shuningdek, Namangan va Surxondaryo viloyatlari markazlarida qishloq va suv xoʻjaligi sohasida faoliyat yurituvchi 14 ta boshqarma yagona agrokompleksga joylashtirilib, “Yagona darcha” tamoyili asosida 80 dan ortiq xizmatlarni koʻrsatish yoʻlga qoʻyiladi. Bundan tashqari, Qishloq xoʻjaligi vazirligining moliyaviy mustaqilligini kuchaytirish orqali sohani boshqarish tizimi natijadorligini oshirishga qaratilgan aniq amaliy choralar amalga oshiriladi.
Suv xoʻjaligida natijaga asoslangan boshqaruv tizimi suv resurslaridan samarali foydalanish va boshqa sohalar bilan integratsiyani yaxshilash uchun mustahkam asos yaratadi. Umumiy boshqaruv tizimida suv xoʻjaligi sohasidagi vazirlik va idoralar samaradorlik koʻrsatkichlari, aniq masʼuliyat va oʻzaro integratsiya asosida ishtirok etadi. Bu esa qishloq xoʻjaligini suv bilan taʼminlash, irrigatsiya va melioratsiya tadbirlarini samarali tashkil etish hamda suv resurslaridan oqilona foydalanishga xizmat qiladi.
Farmonga muvofiq, Boshqaruv samaradorligi agentligi umumiy muvofiqlashtiruvchi organ sifatida Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan hamkorlikda barcha davlat organlari ishtirokida boshqaruv samaradorligini oshirish boʻyicha choralar rejasini amalga oshiradi. Bu agrosanoat majmui subyektlarini boshqaruv mezonlari asosida baholash va muvofiqlashtirishga xizmat qilib, agrar sektorda, jumladan suv resurslaridan foydalanish tizimida ham samaradorlikni oshiradi.
Natijaga asoslangan boshqaruv tizimining mohiyati “Qancha ish qilindi?” degan yondashuvdan koʻra, “Qanday natijaga erishildi?” degan tamoyil ustuvorligi bilan belgilanadi. Bunda har bir vazirlik, idora va hudud uchun aniq maqsadli koʻrsatkichlar (KPI) belgilanadi, byudjet mablagʻlari natija bilan bogʻlab ajratiladi, hisobotlar faqat bajarilgan ishlar roʻyxati emas, balki amaldagi samarani aks ettiradi. Shu bilan birga, rahbarlar va masʼul shaxslar erishilgan natijalar uchun shaxsiy javobgar boʻladi.
Qishloq xoʻjaligida mazkur tizim yer unumdorligini oshirish, hosildorlik va mahsulot sifatini yaxshilash, xizmatlar samaradorligini kuchaytirish, agrotexnologiyalarni joriy etish natijalarini hamda davlat koʻmagining haqiqiy taʼsirini aniq baholash imkonini beradi. Bu jarayonda fermer manfaatlari bozor talabi bilan uygʻunlashadi.
Suv xoʻjaligida esa natijaga asoslangan boshqaruv suv resurslaridan oqilona foydalanishni kuchaytirish, suv yoʻqotishlarini kamaytirish, meliorativ tadbirlar samaradorligini real baholash, suv taʼminotida adolat va shaffoflikni taʼminlash, sohaga yoʻnaltirilayotgan investitsiya va byudjet mablagʻlarining samarasini aniqlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu orqali “suv bor – natija yoʻq” kabi holatlarga barham beriladi.
Ekologiya yoʻnalishida esa natijaga asoslangan boshqaruv atrof-muhitga taʼsir etuvchi omillarni aniq hisobga olish, havo, suv va yer ifloslanishini kamaytirish boʻyicha real natijalarni baholash, ekologik dasturlarning formal emas, amaliy samarasini taʼminlash hamda tabiiy resurslarni muhofaza qilishda javobgarlikni kuchaytirish imkonini yaratadi.
Azizillo Xamdamov,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi Iqlim oʻzgarishi sharoitida agrar sohada davlat xizmati va boshqaruv samaradorligini riojlantirish departamenti boshligʻi oʻrinbosari, Iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring