“Naqshband” — oʻtmish va bugunni birlashtirgan hunarmandchilik markazi
Foto: “Xalq soʻzi”
Yogʻoch oʻymakorligi bilan shugʻullanib, elda katta obroʻ eʼtibor topgan Akmal Muhitdinov 2021-yilda Buxoro tumani markazi Galaosiyo shahrida muhtasham hunarmandchilik markazini barpo etgandi.

”Naqshband” deya nomlangan ushbu maskan bir gektar maydonni egallagan boʻlib, oʻziga xos meʼmoriy yechimga ega.Uning birinchi binosida tasviriy sanʼat muzeyi, sayyohlar uchun moʻljallangan mehmonxona va restoran joylashgan. Buxoroning qadimiy ipak qogʻozi, kashtachilik buyumlari hamda somondan tasviriy sanʼat asarlari tayyorlanadigan binoda esa hunarmandlar zarur barcha qulayliklar yaratilgan. Yana bir binoda yogʻoch oʻymakorligi ustaxonasi joylashgan.
Markazda oʻttiz nafardan ziyod hunarmandning faoliyat yuritishi, qirq nafar oʻgʻil-qizning “Usta – shogird” usulida hunarmandchilik sirlarini oʻrganishi uchun shart-sharoit mavjud.

Tuman hokimligi bilan hamkorlikda bu yerda yana bir loyiha roʻyobga chiqarildi. Markazda yoshlar ijod koʻchasi ochildi.
— Shogirdlar yutugʻi – bizning yutugʻimizdir, —deydi yaqinda oʻtkazilgan “Bukhara Tourism Awards -2023» taqdimot marosimida sohaning yaqin hamkori sifatida eʼtirof etilgan A. Muhiddinov. —Maqsadimiz yoshlarimizni hunarli qilish, ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli, foydali oʻtkazishlariga koʻmaklashishdir. Bu loyihani amalga oshirishda davlatimiz rahbarining oʻgʻil-qizlar iqtidori, salohiyatini yuzaga chiqarishga oid besh muhim tashabbusi dasturilamal vazifasini oʻtadi. Markazimizda madaniy, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni doimiy oʻtkazib borish orqali yosh avlodni mustaqil hayotga tayyorlash ishiga hissa qoʻshish niyatidamiz.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring