Namanganlik paxtakorlar shartnomaviy rejani bajardilar
Viloyat boʻyicha 201 ming tonna paxta tayyorlanib, bu sohadagi reja qisqa muddat — oʻtiz besh kun ichida mamlakatda toʻrtinchi oʻrinda uddalandi.
Agrar soha, xususan, paxtachilikka boʻlgan eʼtibor natijasida koʻzda tutilgan xirmonga yarasha hosil toʻplandi. 7 ta klasterga birlashgan 1849 ta fermer xoʻjaligi bilan yerlarni ekishga tayyorlashdan tortib hosilni yigʻishtirib olishgacha boʻlgan agrotexnik tadbirlar, shuningdek, ish haqi, texnika, mineral oʻgʻit va yonilgʻi moylash materiallari yetkazib berish bilan bogʻliq shartnomaviy majburiyatlar ijrosi izchil bajarilganligi yutuqlarning asosiy omili boʻlganligini taʼkidlash oʻrinlidir. Ayniqsa, terim mavsumidagi katta safarbarlik — beliga etak bogʻlaganlar sonining 184 ming kishidan ortgani kunlik ish surʼatiga qanot bagʻishladi. Terimchilar mehnati oʻz vaqtida hisob-kitob qilinib, ularga hozirgi kunga qadar 180 milliard 866,7 million soʻm ish haqi toʻlab berildi.
Dehqonchilikni tashkil etishda klaster usulining yoʻlga qoʻyilishi dala ishlarini mexanizatsiyalashtirish darajasini yuksaltirish imkonini bermoqda. Bu, masalan, hosilni yigʻib-terib olish olishda zamonaviy texnika vositalaridan tobora koʻproq foydalanilayotganida yaqqol koʻzga tashlanadi. Birgina, “Art soft tex” klasteri tomonidan joriy yilning oʻzida 32 ta yuqori unumli terim mashinalari sotib olindi. Umuman olganda, Pop, Mingbuloq, Uchqoʻrgʻon tumanlarida 45 ta terim mashinasi ishlatilib, ular kuchi bilan 6000 tonnadan ziyod hosil yigʻishtirildi.
Aytish lozimki, bugungi kunda Namanganda yetishtirilgan paxta hosili toʻlaligicha viloyatning oʻzida qayta ishlanmoqda. Joylarda faoliyat koʻrsatayotgan yigiruv-toʻquv, boʻyash, tikuvchilik korxonalarida texnologik jarayonlarning izchil yoʻlga qoʻyilganligi natijasida eksportda paxtadan tayyorlangan tayyorlangan tayyor mahsulot salmogʻi muntazam ortib borayotir.
Reja bajarildi. Biroq, paxtazorlardagi shijoat aslo susaygani yoʻq. Katta maydonlarda hali hosil bor. Hisob-kitoblarga koʻra, yana 20 ming tonnaga yaqin qimmatbaho sanoat xom ashyosi yigʻib olinadi.
Qudratilla NAJMIDDINOV
(“Xalq soʻzi”)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring