Namanganda yana bir gullar markazi ochildi

17:33 31 May 2023 Jamiyat
663 0

Foto: “Xalq so‘zi”

      Bir haftadan o‘tdi,  Namanganda boshlangan  62-Xalqaro gullar festivali nafosat ishqibozlariga unutilmas taassurotlarni hadya  etmoqda.  Anjuman boshlangandan buyon  mehmonlar soni uch millionga yaqinlashgani bu  yerda tashkil  etilgan gul ko‘rgazmalari, boshqa ko‘ngilochar va  madaniy tadbirlarga oshiqayotgan yurtdoshlarimiz safi kun sayin ortayotganidan nishona.  Ular nafaqat, istirohat bog‘idagi badiiy kompozisiyalar, balki, shaharning deyarli barcha qismini bezab turgan gulzorlardan taralayotgan ifordan olam-olam zavq olmoqdalar. Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i yonida tashkil etilgan maxsus yarmarka esa gul sotib olish istagidagi fuqarolar uchun ayni muddao bo‘ldi. 270 dan ortiq professional va havaskor gulchilar ko‘chma do‘konlarini joylashtirgan  vaqtinchalik bozorchada istagan gul ko‘chatini harid qilishingiz mumkin.

Festival dasturi doirasida Yangi Namangan tumanidagi Islom Karimov ko‘chasida faoliyat boshlagan   «Orxideya»   gullar markazi ham shahar ahli va mehmonlar uchun ajoyib tuhfa bo‘ldi. Zamonaviy ko‘rinishda qad rostlagan  majmua tadbirkor Abdulla Sattorov tomonidan barpo etildi.  Usta gulchilar sulolasining  beshinchi avlodidan bo‘lgan bu inson markazni ishga tushirish uchun bir milliard so‘m investisiya yo‘naltirdi.

 Minglab gul ishqibozlari  ishtirokida  tantanali ravishda ochilgan markazning  savdo maydonida  orxideya, ayol baxti, erkak baxti, guzmaniya, paporotnik, aglonema, palma, bonsay deb nomlangan  100 dan ortiq turdagi noyob  gul navlari bor. Ular asosan Niderlandiyadan keltirilgan. Bu yerda barq urib ochilgan gul va chechaklar yordamida  50 turdan oshiq guldastalar tayyorlasa bo‘ladi.  O‘n nafar mutaxassis   ko‘chat tanlashda sizga o‘z maslahati bilan yordam beradi, istagan guldastangizni zumda qo‘lingizga tutqazadi.

 

                                                                                              Yulduz YULDASHYEVA,

                                                      Yangi Namangan tumani hokimligi axborot

                                                  xizmati rahbari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер