Namanganda tuman bosh arxitektori 1000 dollar pora bilan ushlandi

16:34 07 Aprel 2026 Jamiyat
186 0

Videodan kadr

Namangan viloyatida Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi boʻlimi bosh arxitektori 1000 dollar pora bilan qoʻlga tushdi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Namangan tumani Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi boʻlimi bosh arxitektori mahalliy oilaviy korxona rahbari tomonidan oʻz yashash xonadonining bir qismida qurilgan avtomobillar yuvish shoxobchasining loyiha hujjatlarini rasmiylashtirib berish hamda uni tasarruf etish boʻyicha qoʻyilgan taqiqni bekor qilib berish evaziga 1,5 ming dollar talab qilgan. Shuningdek, joriy yilning 1-aprel kuni u 500 dollarni olib, qolgan qismini tezlashtirib berishini soʻragan.

Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda mansabdor shaxs 1000 dollarni oʻz xizmat xonasida olgan vaqtida ushlangan.

Maʼlum boʻlishicha, oilaviy korxona rahbari avtomobillar yuvish shoxobchasini loyiha hujjatlarisiz qurganligi yuzasidan 2025-yilning dekabr oyida bosh arxitektor tomonidan tuzilgan dalolatnoma asosida sud tayinlagan 43 mln 300 ming soʻm miqdoridagi jarimani toʻlagan. Lekin shunga qaramay, bosh arxitektor unga qonuniy yechim koʻrsatmay, aksincha korrupsion harakatlarni amalga oshirgan.

Hozirda holat yuzasidan qonunbuzar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер