Namanganda matbuot va OAV xodimlari kuni keng nishonlandi
Foto: “Xalq soʻzi”
27-iyun – matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni oldidan Namangan shahridagi “Shodiyona” tantanalar majmuasida tashkil etilgan tadbir chinakam bayramga aylandi. Unda bosma nashrlar, televideniye ijodkorlari, ijtimoiy tarmoq faollari va blogerlarning 200 ga yaqin vakillari jam boʻlishdi. Marosimda ishtirok etgan Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov sharafli kasb egalarini qizgʻin tabriklab, ularning mehnatini eʼtirof etdi.
— Bugungi kunda soʻz erkinligidan foydalanib, xalqimiz dardiga darmon boʻlayotgan OAV xodimlarining targʻibot va tashviqot sohasidagi faoliyati har jihatdan tahsinga loyiq, — dedi viloyat hokimligi axborot xizmati yetakchi mutaxassisi Rahmonjon Mamadaliyev. – Ularning mintaqa iqtisodiy rivoji, aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi keng koʻlamli faoliyati islohotlarga joʻshqinlik bagʻishlamoqda. Bu, masalan, yaqindagina nihoyasiga yetgan 62-Xalqaro gullar festivali chogʻida yana bir karra oʻz tasdigʻini topdi. Bir oy davom etgan nafosat anjumaniga 6 milliondan ortiq mehmon tashrif buyurib, maftunkor manzaralar, serzavq tomoshalardan bahra olishda ayni OAV va ijtimoiy tarmoqlar targʻiboti muhim omil boʻldi.
Aytish lozimki, viloyatda soha xodimlarining masʼuliyatli mehnati doimiy eʼtiborda. Buni, jumladan, joylarda ularga qulay mehnat va ijodiy sharoit yaratish boʻyicha amaliy ishlar koʻlami ortayotganida ham koʻrish mumkin. Birgina misol, Namangan shahridagi qurilganidan buyon deyarli taʼmir koʻrmagan “Matbuot uyi” joriy yil boshida mukammal taʼmirdan chiqarilib, muhtasham koshona koʻrinishini oldi. Ijodiy kuchlar jamlangan bu binoda viloyatning ikki gazetasi tahririyati, respublika OAV vakillari, nashriyot, internet nashrlari muharrirlari samarali faoliyat koʻrsatishmoqda.
Bayram tantanasida viloyat media maydonidagi faol ishtiroki, xususan, amalga oshirilayotgan islohotlarni keng yoritishdagi tashabbuskorligi, shuningdek, jamiyatimizda demokratik qadriyatlarni qaror toptirish, fuqarolarning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini taʼminlash, dunyoda va mamlakatimizda sodir boʻlayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, voqea-hodisalar haqida tezkor va haqqoniy maʼlumotlar yetkazish borasidagi fidokorona mehnatlari uchun bir qator faxriy jurnalistlar, faol matbuotchi hamda blogerlar hokimlikning qimmatbaho sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring