Namanganda Hindiston madaniyati kunlari oʻtkazildi

16:32 25 Yanvar 2024 Jamiyat
397 0

Oʻzbekiston va Hindiston aloqalari uzoq oʻtmishga borib taqaladi. Soʻnggi yillarda ikki davlat oʻrtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy aloqalar yangi darajaga chiqdi. Buni hamkorlikda ishga tushayotgan qoʻshma korxonalar, taʼlim, madaniyat va turizm sohasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli loyihalar misolida yaqqol koʻrish mumkin.

Kecha Hindistonning ardoqli bayramlaridan biri — Respublika kuni arafasida Namangan shahrida qator madaniy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etildi. Ulardan biri Davlatobod tumanidagi Madaniyat markazida oʻtkazilib, Hindistonning Oʻzbekistondagi elchixonasi konsuli Sitesh Kumar, diplomatik korpus rasmiylari, viloyat hokimining oʻrinbosari Botir Nuriddinovlar ishtirok etdilar.

Namanganlik moʻyqalam ustalari tasviridagi Hindiston koʻrgazmasi bilan boshlangan bayram rang-barang badiiy dastur bilan davom etdi.

— Hindiston va Namangan aloqalarining alohida ahamiyatli jihatlari mavjud. Hozirgacha elchixona bilan koʻplab tadbirlar uyushtirdik. Hind doʻstlarimiz xalqaro gullar festivalida faol ishtirok etdilar. Birodarlik aloqalarining muhim jihatlaridan biri — Hindiston tarixida oʻchmas iz qoldirgan Boburiylar ildizi ham aynan Namanganda, Axsikentda, — dedi hokim oʻrinbosari.

Tantanada soʻng soʻz olgan Sitesh Kumar oʻzaro hamkorlikni yangi qirralari, Namangan muhandislik texnologiya instituti va boshqa oliy taʼlim dargohlari bilan amalga oshirilayotgan ilmiy-amaliy loyihalar, madaniy-maʼrifiy tadbirlar haqida gapirdi.

Hindiston oʻzining qoʻshiq va raqslari bilan dunyoga mashhur. Prajakta xonim boshchiligidagi “Patak” mumtoz raqs ansamblining chiqishlari bayram marosimiga oʻzgacha fayz bagʻishladi.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер