Namanganda davlat xizmatlari koʻrsatishda 6 ming 545 ta qonunbuzilish holatiga yoʻl qoʻyilgan. Uning asosiy qismi gaz taʼminoti korxonalariga toʻgʻri keladi
Illustrativ foto
Aholi va tadbirkorlik subyektlariga xizmat koʻrsatishda masʼuliyatsizlik qilayotgan davlat organlarini aniqlash va ularning qonuniy tartibda ish yuritishlarini taʼminlash maqsadida Namangan viloyat adliya boshqarmasi tomonidan mazkur yoʻnalishda doimiy tahlil, monitoring hamda oʻrganishlar ishlari olib borilmoqda.
Joriy yilning oʻtgan davrida oʻtkazilgan shunday tadbirlar davomida vakolatli organlar tomonidan jami 6 ming 545 ta qonunbuzilish holati aniqlandi. Ularning 5497 tasi muddat buzilishi, 342 tasi toʻgʻridan-toʻgʻri davlat xizmatlari koʻrsatilishi, 526 tasi vakolatli organlar tomonidan ortiqcha hujjatlar talab qilinishi, 111 tasi murojaatlarning asossiz rad etilishi, 69 tasi boshqa qonunbuzilish holatlariga toʻgʻri keladi. Kamchilik va qonunbuzilish holatlari tashkilotlar kesimida tahlil qilinganida mahalliy hokimliklar, yer resurslari va kadastr idoralari, suv taʼminoti hamda “Oʻztransgaz” tizimidagi korxonalarda bu borada anchagina kamchiliklarga yoʻl qoʻyilayotgani isbotini topdi. Xususan, gaz taʼminoti boʻyicha 4 ming 659 holatda qonun buzilishlarga yoʻl qoʻyilgan.
Misol uchun, Yangiqoʻrgʻon tumanidagi «Rivoj agro-lyuks» fermer xoʻjaligining 2022-yil 23-iyundagi 1,2 MP bosimdan yuqori boʻlmagan gaz tarmogʻiga ulanish uchun texnik shart olish yuzasidan qilgan murojaatini «Hududgaz Namangan» gaz taʼminoti filiali tomonidan koʻrib chiqishda muddat buzilishiga yoʻl qoʻyilgan.
Davlat kadastrlar palatasi Pop tumani filiali tomonidan berilgan maʼlumotda fuqaro N.Ismoilovaning kadastr xaritasi hamda yer tuzuvchi tomonidan hudud ajratib koʻrsatilgan chegara qizil chizigʻi taqdim etilmaganligi sababli kadastr pasportini rasmiylashtirish rad qilinganligi koʻrsatilgan. Vaholanki, «Koʻchmas mulk obyektlariga kadastr yigʻma jildini tayyorlash tartibi toʻgʻrisida»gi Nizomning 14-bandida yer uchastkasining chegaralarini aniqlash huquqni belgilovchi hujjatga asosan kadastr yigʻma jildini rasmiylashtirish kadastr idorasi masʼul xodimi tomonidan amalga oshirilishi lozim edi. Bu esa fuqaro N.Ismoilovaning kadastr pasportini rasmiylashtirish boʻyicha murojaati asossiz ravishda rad etilganligini koʻrsatadi.
— Shu va shunga oʻxshash qonunbuzilish holatlari yuzasidan vakolatli davlat organlari va tashkilotlarining 46 nafar mansabdor, masʼul xodimlariga nisbatan maʼmuriy javobgarlik chorasi qoʻllanildi, — deydi Namangan viloyat adliya boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Davronbek Ravshanbekov. — Ayni holatlar yuzasidan vakolatli organlarga 33 ta taqdimnoma, 171 ta ogohnoma kiritildi. Ushbu taqdimnomalarga asosan 31 nafar mansabdor shaxsga nisbatan intizomiy javobgarlik choralari qoʻllanilib, 2 nafar masʼul xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring