Namangan xalqaro asal festivaliga mezbonlik qiladi
Foto: Xalq so‘zi
Namangan viloyat asalarichilar uyushmasining bu sohada uzoq yillik tajribaga ega 260 nafar aʼzosi boʻlib, ular tomonidan yiliga 4,5 ming tonnadan koʻproq shifobaxsh neʼmat yigʻib olinayotir. Viloyatda asalari mahsulotlarini qayta ishlash orqali turli xastaliklarga davo boʻladigan dori vositalari tayyorlash yoʻlga qoʻyilgan. Bundan tashqari yosh ari uyalari tashqi bozorga ham chiqarilmoqda. Xususan, joriy yilning oʻtgan davrida 190 ming quti shunday uyalar Rossiya, Qirgʻiziston davlatlariga yuborilib, 800 ming AQSH dollari miqdorida eksport amaliyotlari bajarildi.
Sohada toʻplangan tajribani ommalashtirish hamda agroturizmni yanada rivojlantirish maqsadida Namangan viloyat hokimligi, Turizm va madaniy meros vazirligining hududiy bosh boshqarmasi tashabbusi bilan joriy yilning 28-30-oktyabr kunlari mamlakatimizda ilk bor Gullar shahrida xalqaro asal festivali oʻtkaziladigan boʻldi. “Afsonalar vodiysi” tematik parkida tashkil etiladigan anjuman doirasida koʻrgazma tashkil etilib, unda asalarichilik mahsulotlari namoyish qilinadi.
— Uch kun davom etadigan festival dasturidan, shuningdek, qishloq xoʻjalik turizmi rivojiga bagʻishlangan ilmiy-amaliy konferensiya, sport musobaqalari, taniqli sanʼatkorlarning badiiy chiqishlari oʻrin olgan, — deydi Namangan viloyat hokimi oʻrinbosari Botirjon Nuriddinov. Bundan tashqari havaskor asalarichilar uchun mahalliy va xorijiy mutaxassislarning mahorat darslari uyushtiriladi.
Ayni kunlarda hozirlik ishlari nihoyasiga yetkazilayotgan festivalda ishtirokchilarni bir-biridan qiziqarli tadbirlar, sohaning eng ilgʻor vakillarini esa turli nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblik nashidasi kutmoqda.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring