Muloqotda muammolar hal etildi
Foto: Халқ сўзи
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan olis va chekka hududlarda fuqarolar hamda tadbirkorlar uchun sayyor qabullar oʻtkazilib, ularning takliflari, muammo va tashabbuslari tinglanmoqda. Ana shunday qabullarning navbatdagisi Urgut tumanining “Kenagas” mahalla fuqarolar yigʻinida boʻlib oʻtdi.

Muloqotlar davomida adliya vaziri oʻrinbosari A. Muhammadiyevga yuzga yaqin fuqarolar uy-joy, moddiy yordam, tadbirkorlik, salomatligini tiklash, kredit olish, aliment undirish, pensiya va nafaqa tayinlash, bandlik singari masalalarda murojaat qildi.

Tumanning Qorabuloq mahallasida yashovchi Zulfizar aya Sodiqova oʻtgan yilning yoz oylarida insultni boshdan kechirgach, toʻshakka mixlanib qoldi. Tibbiy koʻrik, tinimsiz davolanishlar esa yaxshi natija bermadi. Afsuski, oila aʼzolarining topganlari ham dori-darmon, roʻzgʻordan ortayotgani yoʻq. Bemorga esa amaliy yordam lozim.

Muloqotlar davomida Zulfizar aya Sodiqovaning akasi Bahodir Sodiqov singlisining bugungi ahvoli haqida gapirarkan, nogironlik aravachasini olish borasida koʻmak soʻradi. Murojaat esa shu joyning oʻzida qanoatlantirildi. Muhimi, shu kuni 1-guruh nogironlari boʻlgan bir necha fuqarolarga ham ana shunday maxsus aravachalar topshirildi.

Shuningdek, “Omonqoʻton” mahallasi fuqarosi, qariyb 60 yoshni qarshi olgan Xudoyberdi Mahmudov turmush oʻrtogʻi Aziza Mamatqulova bilan shu paytgacha sharʼiy nikoh asosida yashab kelgani, qonuniy nikohdan oʻtishda ayrim muammolarga duch kelayotganini aytib, yordam soʻradi. Adliya vaziri oʻrinbosari boshchiligida bu oilaning nikohi shu yerda rasman qonuniylashtirilib, guvohnomalar tantanali topshirildi.

— Qizim Dilnura Aʼzamova yaqinda 16 yoshga toʻladi, — deydi urgutlik Z. Raupova — Hademay pasport olishi kerak. Lekin tugʻilganlik guvohnomasi yoʻqligi sababli bu masala muammo boʻlayotgandi. Beeʼtiborsizligimiz bolaning kelajagiga taʼsir qilardi. Qabulda vaziyatimni tushuntirib, yordam soʻradim. Masalam joyida hal boʻldi. Bugun sayyor qabulda men kabi qancha urgutliklar ham huquqiy, ham amaliy yordam olishga muvaffaq boʻlganini koʻrib, koʻnglim yorishdi.

Tadbir chogʻida Urgut tumanidagi tegishli tashkilotlar tomonidan boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasi ham tashkil etilib, ayni shu asnoda zamonaviy mobil avtobusda davlat xizmatlari sayyor tartibda koʻrsatildi.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring