Monopoliya raqobatni oʻldiradi

10:59 03 Iyun 2020 Jamiyat
2812 0

Monopoliya. Ushbu soʻzni qanday maʼno anglatishini ortiqcha taʼriflashga hojat yoʻq. Chunki buning nima ekanligini yaxshi bilamiz. Ayniqsa, iqtisodiyotda monopoliya saqlanib qoladigan boʻlsa, bugungi shiddatli davrda taraqqiyot gʻildiragi ortga aylanadi, sogʻlom raqobat tushunchasiga esa oʻrin qolmaydi. Raqobat boʻlmasa, sifat ham boʻlmaydi. Aholida tanlash imkoniyati boʻlmaydi.

Davlatimiz rahbari shu yilning 28-may kuni oʻtkazilgan yigʻilishda masalaning shu va boshqa jihatlari xususida kuyunib bilan gapirdi. Davlat ishtirokidagi korxonalarda monopoliyaga qarshi komplayens tizimini joriy etish, Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan barcha rahbarlarni raqobat asoslari va komplayens boʻyicha oʻqitish tashabbusi ilgari surildi.

Komplayens tizimining afzalliklari nimda namoyon boʻladi degan savol tugʻiladi? 

Shuni aytish kerakki, monopoliyaga qarshi komplayens, bu - monopoliyaga qarshi qonunlar talabiga rioya qilish va uning buzilishi bilan bogʻliq xavf-xatarlarning oldini olish, ularni tahlil qilish va korxona faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida davlat organlari hamda xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining monopoliyaga qarshi qonunchilik talablariga muvofiqligini taʼminlovchi huquqiy va tashkiliy chora-tadbirlar majmuidir.

Ushbu tizimning afzalliklari shundaki, birinchi galda monopoliyaga qarshi kurashish boʻyicha ichki nazorat oʻrnatiladi. Shuningdek, monopoliyaga qarshi qonunchilik buzilishi bilan bogʻliq xavf-xatarlar muntazam ravishda tahlil qilib borilishi orqali tovar va moliya bozorlarida sogʻlom raqobat muhiti taʼminlanishiga imkon yaratiladi. Kompaniyalarning monopoliyaga qarshi harakatlari uchun javobgarligi oshadi. Ular oʻrtasidagi oʻzaro taʼsir mexanizmlarini kuchaytiradi.

Umuman olganda, monopoliyaga qarshi elementar talablarni bilmaslik yoki oʻz harakatlarining qonuniyligini isbotlamaslik tufayli kelib chiqadigan qoidabuzarliklarning soni kamayadi.

Bir soʻz bilan aytganda, monopolizm iqtisodni izdan chiqaradi, raqobatni oʻldiradi. Shunday ekan Prezidentimiz atrofida birlashib, ushbu illatga qarshi hayotiy qonunlar va harakatlarimiz bilan kurashishimiz kerak. Bu yoʻlda befarq boʻlishga haqqimiz yoʻq.

Qahramon ERGASHEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер