“Mittivoylar” — ehtiyojmand oila farzandlari uchun bepul bogʻcha
Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Yangi muassasa Namangan viloyatining Pop tumanida ish boshladi. “Mustaqillik” mahallasida tadbirkor Sevara Miravazova tomonidan viloyatda ilk bor tashkil etilgan ushbu nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlariga bepul taʼlim-tarbiya beradi.
“Mittivoylar” deb nomlangan bogʻchaning ochilish marosimida tuman hokimligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi, maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi vakillari hamda nuroniylar ishtirok etib, bu tashabbusning ahamiyatini alohida taʼkidlashdi.

Darhaqiqat, tadbirkorning jajjilar tarbiyasiga yoʻnaltirilgan oliyjanob ishi tahsinga loyiq. Davlat tomonidan tegishli tartibda qoʻllab-quvvatlanadigan bogʻchada kichkintoylarning namunali tarbiya olishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Maʼlumot uchun, Pop tumanida ehtiyojmand oilalarning 549 nafar bolajonidan 277 nafari maktabgacha taʼlimga qamrab olingan boʻlib, bogʻchalarga imtiyozli toʻlov asosida qatnayapti.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring