Ming nafardan ortiq talaba ishli bo‘ldi

12:18 13 Aprel 2018 Jamiyat
2183 0

Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida 2017-2018 o‘quv yili bitiruvchilari bandligini ta’minlash maqsadida tarmoq tashkilotlari o‘rtasida ishga qabul qilish bo‘yicha o‘zaro mehnat shartnomalari imzolandi.

Bu yil institutni 21 ta bakalavriat yo‘nalishi, 12 ta magistratura yo‘nalishi bo‘yicha jami 1083 nafar talaba o‘qishni tamomlaydi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati Personalni boshqarish va kadrlar tayyorlash boshqarmasi tomonidan temir yo‘l korxona va tashkilotlarining yosh mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyoji atroflicha o‘rganib chiqilgan. Shundan kelib chiqqan holda, bitiruvchilar ishga joylashtirildi. 

— Ma’lumki, bugungi kunda tizim ko‘lami kengayib bormoqda, —deydi "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ Personallarni boshqarish va kadrlarni tayyorlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Alisher Ollamov. —Xususan, “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati hamda “Toshkent metropoliteni” unitar korxonasining tarmoq tasarrufiga o‘tishi bilan soha mutaxassislariga talab ortdi. 

Bitiruvchilar, asosan, "O‘zbekiston temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi korxona va tizim birliklariga ishga taqsimlanadi. Bundan tashqari, mutaxassislarga “Navoiy tog‘-metallurgiya kombinati” “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatlari kabi sanoat korxonalarida ham ehtiyoj mavjud. 

Taqsimot komissiyasi tomonidan olib borilgan ishlar yakuniga ko‘ra, institutni 2017-2018 o‘quv yilida bitiruvchi bakalavr va magistrlar 100 foizi ish bilan ta’minlandi.

— Institutni tamomlagach, ish faoliyatimni “Ko‘prikqurilish tresti” unitar korxonasida boshlaydigan bo‘ldim, — deydi “Qurilish” fakulteti bitiruvchisi Elbek Nosirov. — Ishlab chiqarish amaliyotimni aynan shu yerda o‘tagan edim. Uch tomonlama kelishuv tufayli shunday natijaga erishdim. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер