“Milliy raqs ijrochilari” taqdirlandi
Oʻzbek milliy raqsiga bugun butun dunyo katta qiziqish bildirayotgani sir emas. Koʻplab xorijliklar turli raqslarimizni oʻrganib, yurtimizda va oʻz yurtlarida ijro etgani haqida xabar eshitganimizda koʻksimiz faxru iftixorga toʻladi. Bu nafaqat sanʼatga boʻlgan eʼtibor, balki oʻzbek eliga boʻlgan hurmat va ehtirom ramzi hamdir.
“Ustoz-shogird” anʼanasida davom etib kelayotgan ushbu sanʼatni yanada rivojlantirish hamda isteʼdodli ijrochilarni aniqlab, ragʻbatlantirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda “Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi tomonidan Mukarrama Turgʻunboyeva nomidagi “Milliy raqs ijrochilari” koʻrik-tanlovi tashkil etildi. “Turkiston” sanʼat saroyida gʻoliblarni taqdirlash marosimi hamda yosh isteʼdodlar ishtirokida badiiy kecha oʻtkazildi.

Tadbirda “Toshkent zebolari”, “Tumor” , “Navbahor” kabi koʻplab raqs dastalari raqqosalari turli millik kuy-qoʻshiqlarga raqslar ijro etdi. Dasturning asosiy qismida Mukarrama Turgʻunboyeva sahnalashtirgan oltin xazinadan joy olgan durdona asarlardan namunalar tomoshabinlarga havola etildi. Dastur soʻnggida Oʻzbekiston Xalq artisti Xayrulla Lutfullayev ijrosida “Mukarrama xonim oʻynasa” qoʻshigʻi yangradi. Tadbirda Mukarrama Turgʻunboyeva ijodiga bagʻishlangan videorolik tomoshabinlarga havola etildi.
Tanlov gʻoliblari hamda faol ishtirok etgan boshqa ishtirokchilar faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.
Yulduz OʻRMONOVA
“Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring