Milliy gʻoya negizida sifatli taʼlim mujassam

15:58 02 May 2023 Jamiyat
746 0

Oʻzgarib borayotgan dunyo oliy taʼlim tizimi va uning tarkibiy qismlarini takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratishni taqozo etmoqda. Oʻquvchi va talaba yoshlarda zamonaviy bilim va koʻnikmalarni shakllantirish, taʼlim tizimlari va ilm-fan sohasi oʻrtasida yaqin hamkorlik hamda integratsiyani, taʼlimning uzviyligi va uzluksizligini taʼminlash borasida ishlarni tizimlashtirish choralarini koʻrish, ayniqsa bugungi kunda muhim ahamiyat kasb etyapti.

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti rektori, Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Rustam Xolmurodovning “Xalq soʻzi” gazetasida “Millat uchun hayot-mamot masalasi” nomli maqolasida milliy taʼlim-tarbiya tizimining amaldagi holati, uni zamon talablari asosida modernizatsiya qilish, yoshlarni yuksak bilim-maʼrifat egalari, jismoniy va maʼnaviy sogʻlom insonlar etib tarbiyalash, taʼlim muassasalarining rahbar va pedagog xodimlari nufuzini oshirish, ularning samarali faoliyat yuritishiga zarur shart-sharoitlar yaratish boʻyicha oʻzining zalvorli va shu bilan birga har birimiz uchun ogʻriqli muammolar koʻtarilgan.

Maqolada “Maʼrifatli millat, ozod xalqgina milliy gʻoya haqida oʻylaydi. Uni yaratish ustida bosh qotiradi”, deya taʼkidlaydi.

Darhaqiqat, milliy gʻoyaning negizida sifatli taʼlim, samarali ilm, milliy manfaatlar mujassam boʻlishi shart. Zotan, bunga oʻz zamonining ilgʻor namoyandalari boʻlmish jadidlar ham juda qattiq eʼtibor qaratishgan.

Rustam Xolmurodov maqolasida taʼkidlaganidek, bugun masjidlarda, mahallalarda, turli davra va yigʻinlarda birinchi aytiladigan fikr farzandlarimizni oʻqitish, oʻqitishgina emas, balki ularga sifatli taʼlim berish, millat genofondini yaxshilash, bola tarbiyasida oilaning oʻrnini anglatish boʻlishi kerak. Boshqa yoʻlimiz yoʻq. Faqat sifatli taʼlim va samarali, yaʼni natija beradigan ilmgina bizni bu vaziyatdan olib chiqa oladi.

Oʻzbekistonda 2016-yilda islohotlar aynan taʼlim sohasidan boshlangani va Prezidentimiz deyarli har oʻtgan kun taʼlimni koʻtarish, unga jahon standartlarini joriy qilishga daʼvat etayotgani bejiz emas.

Muallif oʻz maqolasida butun dunyo hamjamiyati Oʻzbekiston rahbarining ilm-fanga, taʼlim tizimiga koʻrsatayotgan eʼtiborini yuksak baholayotganini, jahon Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilishga intilayotganini, bu borada Prezidentimizning oʻzlari tashabbus koʻrsatayotganini alohida taʼkidlagan.

Zero, faqat ilm-fan, bilim, taʼlim va texnologiyalarga muhim eʼtibor bergan jamiyatlar bashariyatning oldingi saflarida bormoqdalar.

Akbar NURMATOV,

Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti

Bosma OAV va noshirlik ishi fakulteti dekani, dotsent.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер