MIBning yordamiga umid qilgandim
Davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarga berilayotgan imkoniyatlar meni ham befarq qoldirmay, 2017-yil boshlarida oʻz tadbirkorligimni yoʻlga qoʻymoqchi boʻldim. Bu borada koʻpchilik bilan hamfikr boʻldim, biznes gʻoyalar tuzdim. Lekin ishni boshlash uchun menga avvalo yer kerak edi. Imkoniyat paydo boʻlib, uyimizga yaqin joydagi foydalanilmay turgan joy kimoshdi savdosiga qoʻyildi. 2018-yil 24-oktyabr kuni “Elektron onlayn- auksionlarni tashkil etish markazi” davlat unitar korxonasi tomonidan tashkillashtirilgan auksionda yogʻochni qayta ishlash sexini ochish uchun 10 sotix (0.1 gektar) yer uchastkasini boshlangʻich narx oshib borish tartibida 25.330.935 soʻmga yutib oldim.
Gʻoliblik bayonnomasini olganimdan soʻng ishni boshlasam boʻlaveradi, deb oʻylagandim. Lekin erta quvongan ekanman. Auksionga qoʻyilgan yer muammoli boʻlib, uni noqonuniy egallab turgan sohiblari chiqib qoldi. Bu inson bilan sudlashishgacha borib yetdik. Orada yer uchun mening nomimga kadastr xujjatlari tayyorlandi. Bir necha bor murojaatimdan soʻng tuman MIB ijro harakatlarini boshlab, noqonuniy qurilmani majburiy tartibda buzdirib berdi. Bu orada ikki yil vaqt oʻtdi. Shunda yana bir kishida ham kadastr hujjatlari paydo boʻldi va u odam ham “Yer meniki” deyishga tushdi. Vaholanki, Bayonnomada koʻrsatilganidek bu boʻsh joy deb auksionga qoʻyilgan va belgilangan shartlarni bajarib, gʻolib boʻlgan edim.
Haqiqiy mashmasha shundan keyin boshlandi. Yana tegishli idoralarga arz qilishga tushdim. Bosh prokuratura, Prezident Xalq qabulxonasiga murojaatlarimdan ham natija chiqmadi. Xullas, tadbirkorlik qilish uchun sotib olgan yerimga egalik qila olmaganimdan hafsalam pir boʻldi. Tarvuzim qoʻltigʻimdan tushib, auksionga toʻlagan pullarimni qaytarib olishga qaror qildim. Shu mazmunda bergan arizamni 2021-yil mart oyida koʻrib chiqqan Fuqarolik ishlari boʻyicha Namangan tumanlararo sudi 2018-yil oktabrida oʻtkazilgan auksionda meni gʻolib deb topish xaqidagi bayonnomani bekor qildi.
Bir qarashda ishlar bitgandek edi. Biroq Mingbuloq tuman hokimligidan auksion natijasi boʻyicha toʻlagan pulimni qaytarib olish muammoga aylandi. Anigʻini aytganda, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xuzuridagi Majburiy ijro byurosi Mingbuloq tuman boʻlimining tuman gʻaznachilik boʻlimiga 2021-yilning 4-may kuni chiqargan ijro harakati bajarilmadi. Bunga ham, mana, toʻqqiz oy boʻlyapti. MIB boʻlimi boshligʻi Aʼzamjon Dexqonovga bir necha bor uchradim. Har gal quruq vaʼda...
Menimcha, MIBga topshirilgan ishlarning ijrosi uchun maʼlum muddat belgilangan. Amalda qaysidir fuqarodan qarz undirilishi kerak boʻlsa, bu ish uning mulkigacha qaratiladi. Biroq mening ishimni bitirishga kelganda... Xullas, Majburiy ijro byurosidan umidim katta edi.
Vasliddin HAKIMOV, Namangan viloyati Mingbuloq tumani.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring