Metallurglarning Navoiydagi uchrashuvi

14:43 17 Aprel 2026 Jamiyat
69 0

Metall qazib olish va unga ishlov bera olish imkoniyati va salohiyatiga ega davlatda taraqqiyot barqaror boʻladi. Mamlakatimiz Markaziy Osiyoning shunday qudratga ega davlatlaridan biri. Albatta, bunda “Navoiy uran” va “Oʻzmetkombinat” kabi yirik sanoat korxonalarining munosib hissaga ega.

Korxonalarning salohiyatidan yanada samarali foydalanish hamda barcha mavjud imkoniyatlarni ishga solish maqsadida “Navoiy uran” davlat korxonasida “Oʻzmetkombinat” AJ delegatsiyalarining muhim uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Unda “Navoiy uran” DK Bosh direktori Dj. Fayzullayev hamda “Oʻzmetkombinat” AJ Boshqaruvi raisi – Bosh direktori B. Abdullayev boshchiligidagi yuqori malakali mutaxassislar ishtirok etdi.

Muloqot davomida ikki korxona oʻrtasida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish va ishlab chiqarish zanjirlarini integratsiya qilish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

— Xususan, uran qazib olish jarayonida qoʻllaniladigan zamonaviy burgʻilash uskunalarini mahalliylashtirish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari alohida eʼtibor markazimizda boʻldi, — deydi “Navoiy uran” DK Bosh direktori Djamal Fayzullayev. — Bu eng avvalo import oʻrnini bosish, tannarxni kamaytirish hamda milliy sanoat salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, uchrashuvda soha mutaxassislarining oʻzaro tajriba almashuvi, innovatsion yechimlarni joriy etish va kadrlar salohiyatini mustahkamlash masalalari ham muhokama qilindi.

Muloqot yakunida tomonlar oʻzaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan hamkorlik memorandumini imzoladilar.

Mazkur kelishuvlar kelgusida ikki yirik sanoat korxonasi oʻrtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlab, mamlakatimiz sanoat rivojiga sezilarli hissa qoʻshishi shubhasiz.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?