Meksikadagi daradan odam qoldiqlari joylangan oʻnlab qoplar topildi
Foto: Reuters
Meksikaning Xalisko shtati huquq-tartibot idoralari xodimlari Zapopan shahridagi daradan inson tana aʼzolari solingan oʻnlab qoplarni topdi. Hozirgacha ana shunday qoplardan 45 tasi olib chiqilgan.
Qayd etilishicha, qoʻngʻiroq markaziga bir guruh yoshlarni qidirish boʻyicha murojaat kelib tushgan. Qidiruv tadbirlari chogʻida Zapopandagi Mirador del Boske darasida odam qoldiqlari joylangan qoplarga duch kelingan.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, 45 ta qop daradan olib chiqilgan. Ularda erkaklar va ayollarga tegishli tana aʼzolari joylangan. Davlat tibbiy ekspertizasi ular jami nechta odamga tegishli ekanini aniqlashga kirishgan. Shuningdek, topilgan jasadlarning shaxsini aniqlash ishlari boshlab yuborilgan.
Ayni paytda, 40 metr chuqurlikdagi darada vertolyot yordamida qoplarni olib chiqish tadbirlari davom etmoqda. Bu yana bir necha kun davom etishi mumkin.
Prokuratura topilgan jasadlar ular qidirayotgan yoshlarga tegishlimi yoki yoʻqligi hozircha maʼlum emasligi bildirgan. Qidiruv operatsiyasi davom etmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring