Meksikada futbol uchrashuvi vaqtida yuzaga kelgan ommaviy mushtlashuv oqibatida 17 kishi hayotdan koʻz yumdi
Foto: Shutterstock
Meksika chempionatining “Keretaro” va “Atlas” jamoalari oʻrtasidagi uchrashuv muxlislar ishtirokidagi ommaviy mushtlashuv yuzaga kelishi tufayli toʻxtatilgan.
Mahalliy jurnalist Devid Medranoning yozishicha, Santyago-de-Keretarodagi «Korregidora» stadionida yuzaga kelgan mushtlashuv oqibatida 17 kishi halok boʻlgan. Politsiya yana 22 ishtirokchi tan jarohati olganini, ulardan ikki nafarining ahvoli ogʻirligini maʼlum qildi.
Uchrashuvning 62-daqiqasida “Atlas” 1:0 hisobida oldinga chiqib olgan. Shundan soʻng mushtlashuv boshlanib ketgan va halok boʻlganlar orasida ushbu klub muxlislari koʻpchilikni tashkil qilgan.
Xavfsizlik nuqtayi nazaridan oʻyin yangi sanaga koʻchirilgan va ushbu holat yuzasidan politsiya tergov boshlagan. Oʻz navbatida, Meksika chempionati prezidenti Mikel Arriola barcha aybdorlar jazolanishini aytgan.
“Stadionda xavfsizlik choralari koʻrilmagani uchun aybdorlar jazolanadi. Futbolchilarimiz va muxlislarimiz xavfsizligi birinchi oʻrinda!”, deb yozgan u «Tvitter»da.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring