Mehnat yarmarkasida rahbar ishtirok etsa, samara boʻladi

14:59 10 Aprel 2026 Jamiyat
221 0

Navoiy shahrida ishsiz hamda “Ijtimoiy himoya reyestri”da turgan fuqarolar hamda taʼlim muassasasini tamomlagan yoshlarning bandligini taʼminlash maqsadida boʻsh ish oʻrinlari boʻyicha “Mehnat yarmarkasi” tashkil etildi.

Ushbu yarmarkada viloyatning Nurota tumanidagi Qizilcha qishlogʻida 40-yil yoshlarga taʼlim bergan Oʻrolboy aka Nahalovni uchratib qoldik.

Umrining yetmish toʻrt bahorini qarshi olgan taʼlim faxriysi bugungi kunda Navoiy shahrida istiqomat qiladi. Yangi yil arafasida domla shahardagi barcha qizilchaliklarni bir dasturxon atrofiga jamlab, hamjihatlikka chorladi. Oʻziga oʻxshash oqsoqollardan toʻrtta guruh tuzib, hamqishloqlarining toʻy-marosim, huquqiy maslahat, bandlik va salomatligi masalasidagi muammolarini yechishda koʻmaklashish ishlariga har bir sohaning nafaqadagi qizilchaliklarini masʼul qilib belgilagan.

Bugungi yarmarkaga esa uch nafar hamqishlogʻining farzandlarini olib kelgan ekan.

— Koʻp mehnat yarmarkalarini koʻrganman, — deydi Oʻ. Nahalov. — Yashirib nima qilaman, ilgari yarmarka boʻlsa korxona va tashkilotlar “otdel kadr” yoki biror-bir mutaxassisini yuborardi. Ishga qabul qilish vakolatiga ega rahbar kelmaganidan keyin, yarmarkalarning ochigʻi samarasi ham boʻlmasdi. Bugungisini qarang, ikki kun viloyat hokimi boshchiligida har bir boshqarma, korxona va tashkilotning rahbari qatnashgani sababli natija boʻldi.

Bevosita yarmarka statistikasiga toʻxtaladigan boʻlsak, unda viloyatning barcha tuman va shaharlaridan jami 215 ta korxona va tashkilotlar hamda xususiy korxonalar oʻzlarida mavjud 4508 ta boʻsh ish oʻrinlari, shuningdek, mehnat sharoitlari hamda ishlab chiqarish faoliyati bilan bogʻliq koʻrgazmali materiallari bilan ishtirok etdi.

Xususan, yarmarkada Navoiy shahrida joylashgan “JSM textile” MCHJ 250 ta, “BAXT TEXTILE” MCHJ 350 ta, “TIANCHENG STONE” xorijiy korxonasi 100 ta, Karmana tumanidagi “Grant imperi market” MCHJda 75 ta, “Salik Energy” MCHJda 35 ta va hokazo korxonalar tomonidan jami 3718 ta boʻsh ish oʻrinlarini taklif etilib, 284 nafar fuqaro shu kunning oʻzida ishga joylashtirildi. Shuningdek, ishtirokchilarning 56 nafari kasb-hunarga oʻqishga jalb etilib, 212 nafariga oʻzini oʻzi band qilishlari uchun imtiyozli kreditlarga tavsiyalar berildi.

Bundan tashqari, yarmarka davomida 560 nafardan ortiq ish qidiruvchi fuqarolarga bandlik, ishga joylashish, mehnat munosabatlari hamda xorijda tashkillashtirilgan holda ishga joylashish bilan bogʻliq huquqiy maslahatlar berildi.

— Bugungi kunda viloyatimiz boʻyicha oʻn mingga yaqin boʻsh ish oʻrinlari mavjud, — deydi Navoiy viloyat kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi boshligʻi Lutfullo Xayrullayev. — Albatta, bu viloyat mehnat bozoridagi talabga nisbatan bir necha baravar koʻp. Bu kabi yarmarkalardan asosiy maqsad esa ushbu bozordagi talab va taklifni bir-biri bilan uchrashtirib, har ikki subyekt manfaatlarini qanoatlantirishdan iborat.

Yarmarka doirasida viloyat hokimi yoshlar bilan uchrashib, ularning oʻz ish oʻrinlariga ega boʻlishlari va boshqa hayotiy ehtiyojlari bilan bogʻliq taklif va mulohazalarini tingladi.

Boʻsh ish oʻrinlari yarmarkalari viloyatning har bir shahar va tumanlarida davom etib, ularda ish beruvchi subyektning rahbarlarining shaxsan ishtirok etishi qatʼiy nazoratga olingan.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер