Mehnat bozorida klaster: mohiyat, samara va istiqbol

11:13 11 Fevral 2021 Iqtisodiyot
1070 0

Mehnat bozorini boshqarishda davlatning bosh vazifasi – mehnat bozori subyektlarining manfaatlarini bir maqsadga, yaʼni oʻzaro manfaatli samarali bandlikni taʼminlashga yoʻnaltirish, bu jarayonni tartibga solish mexanizmini takomillashtirishdan iborat. Keng maʼnoda bu mexanizm mehnat bozori amal qilishining iqtisodiy, huquqiy, ijtimoiy, psixologik omillarini oʻz ichiga oladi.

Prezidentimiz taʼkidlaganidek, «oʻz-oʻzidan ayonki, biz aholi bandligini taʼminlashni oʻz oldimizga ustuvor vazifa qilib qoʻygan ekanmiz, bu masalaga nafaqat son, balki sifat jihatidan ham alohida ahamiyat berishimiz zarur».

Bunda hududiy mehnat bozori shakllanishiga innovatsion yondashuvlarni qoʻllash, jumladan hududlarda klaster tuzilmalarini yaratish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Binobarin, klaster – manfaatdor subyektlar (taʼlim, hokimiyat, tadbirkorlik subyektlari) kuchlarini birlashtirishning, ularni bir-biriga manfaatli bogʻlashning tashkiliy shaklidir.

Klasterlarni shakllantirish va ularning muvaffaqiyatli amal qilishi uchun hududlarda foydalanilmay yotgan davlat obyektlari mavjud boʻlib, ular manfaatdor subyektlar kuchlarini birlashtirish uchun asos va manba boʻlib xizmat qiladi. Bu jarayonda eng asosiy vazifa – muayyan kasbiy tayyorgarlikka ega boʻlgan ishchi va mutaxassislarga nisbatan yuzaga keladigan ehtiyojni qondirish hisoblanadi.

Taʼkidlash joizki, klaster tuzilmalar orqali biznes tuzilmalar tomonidan muayyan miqdordagi zarur ishchi kadrlar va mutaxassislar boʻyicha “buyurtma”lar berish, ularni ish beruvchi talabiga muvofiq zamonaviy, jahon andozalari asosida hududiy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari koʻmagida kasbga oʻqitish va qayta oʻqitish uchun sharoit yaratiladi.

Bu esa oʻz navbatida, hududiy mehnat bozoridagi dolzarb muammolardan biri boʻlgan malakali ishchi kadrlar yetishmasligi muammosini bartaraf etishga, hududiy mehnat bozoridagi keskinlikni, bosimni yumshatishga, samarali mehnatda bandlikni taʼminlashga koʻmaklashadi.

Hududlarda klaster tuzilmalarining yaratilishi mehnat bozorida integratsiyalashgan uch darajali tizimni shakllantirish va ushbu tizimni boshqarish mexanizmini ishlab chiqish uchun esa bu darajalarning ahamiyatini aniqlab olish talab etiladi.

Xususan, birinchi daraja yoki tizim asosi boʻlgan bozor sharoitlarida taklif etilayotgan mehnatga moslashish boʻlib, ikkinchi daraja oʻz ichiga oliy va oʻrta maxsus taʼlimi dasturlari bilan uygʻunlashtirilgan uzluksiz taʼlimning barcha dasturlarini ishlab chiqishni, uchinchi daraja esa qoʻshimcha kasb-hunarga tayyorlash boʻyicha Markazlar yaratishni koʻzda tutadi. Bu bilan hududiy mehnat bozoridagi hamda tarmoqlar (qishloq xoʻjaligi, sanoat, farmatsevtika va h.z.)dagi klaster tuzilmalarini makro darajadagi mehnat bozori bilan bogʻlash imkoni yaratiladi.

Iqtisodiyotni innovatsion rivojlantirish sharoitida mehnat bozorini integratsiyalashgan ijtimoiy-iqtisodiy klaster tuzilmasining elementlari hisoblangan hududiy infratuzilma (biznes sektor yoki ish beruvchilar) va hududiy tuzilma (davlat sektori) xamda yollanuvchilar vakili (nodavlat sektor) oʻrtasidagi munosabatlarni ijtimoiy sheriklik asosiga qurish maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Shuni alohida eʼtiborga olish joizki, oʻzini oʻzi ish bilan taʼminlayotgan mehnatga layoqatli aholining shaxsiy biznesini rivojlantirib yuborish uchun ham ularning faoliyat sohalarida mikroklaster tuzilmalarini yaratish zarurati mavjud. Ushbu mikroklaster tuzilmalari “maʼlumot berish – taʼminot – ishlab chiqarish – marketing” prinsipida ishlab, oʻz tadbirkorligini yoʻlga qoʻyish uchun kredit olgan oilalarda oʻzini oʻzi ish bilan taʼminlayotgan mehnatga layoqatli aholiga koʻmaklashadi. Bu mikroklaster tuzilmalari yordamida “davlat – biznes tuzilma – oila – biznes tuzilma – davlat” manfaatlari taʼminlanadi.

Zafar XUDAYBERDIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер