Majburiy ijro byurosi raqamlashtirilsa, ish samaradorligi oshadimi?
Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyat boshqarmasining 2023-yildagi faoliyati yakunlariga bagʻishlangan matbuot anjumanida sud va boshqa organlar hujjatlarining ijro etish sohasida amalga oshirilgan ishlar, shuningdek, mazkur sohada kechayotgan islohotlar xususida boshqarma boshligʻi Surʼat Jabborov axborot berdi.
Qayd etilganidek, 2023-yil davomida boshqarma tomonidan 547 487 ta ijro hujjatlari boʻyicha majburiy ijro tadbirlari amalga oshirilgan. Shundan 314 445 tasi yuzasidan yakuniy qarorlar qabul qilinib, 2,3 trillion soʻm undirilishi taʼminlangan. Byuroning Samarqand tumanlararo boʻlimi tomonidan olib borilgan soddalashtirilgan ijro harakatlari davomida, yaʼni axborot kommunikatsiya texnologiyalari yordamida 159 012 ta hujjat ijro etilib, 63,1 milliard soʻm pul mablagʻi undirilgan.

— Tizimni raqamlashtirish ishlar amalga oshirilmoqda, — deydi S. Jabborov. — Xodimlarimizning ish yuklamasi katta, ular eshikma-eshik yurmasligi kerak. Agar ijro tadbirini toʻliq onlayn amalga oshira olsak, ish samaradorligi oshadi, shuning barobarida inson omili bilan yoʻl qoʻyiladigan turli xatoliklarning oldi olinadi.
2023-yilda boshqarma tizimidagi 70 nafar xodimga nisbatan 30 ta xizmat tekshiruvi oʻtkazildi. Natijada 38 nafar xodim tomonidan oʻz vazifasiga nomunosib xatti-harakatlar sodir etilganligi oʻz tasdigʻini topdi, shundan 5 nafari byuro organlari tizimidan boʻshatildi.
Hisobot davrida 203,5 milliard soʻmdan ortiq aliment undirilgan. Fuqarolar oʻrtasida olib borilgan profilaktik suhbatlar natijasida 7 207 ta oila yarashtirilgan.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring