Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida oʻzgarishsiz qoldirdi
Markaziy bank boshqaruvi bugun, 18-martdagi yigʻilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida belgilash toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, ayrim oziq-ovqat narxlari oshishi hisobiga inflyatsiya pasayishi sekinlashgan, bazaviy inflyatsiya esa oshgan: fevralda umumiy inflyatsiya yillik 7,3 foizni, bazaviy inflyatsiya 6,3 foizni tashkil etgan. (Inflyatsion kutilmalar: aholi 11,2 foiz, tadbirkorlar 10,8 foiz.)
Yigʻilishda qayd etilishicha, yalpi talab hisobiga iqtisodiy faollik yuqori darajada saqlanmoqda, xususan yanvarda: chakana savdo 14,7 foizga, ulgurji savdo 15,6 foizga, umumiy ovqatlanish 18,9 foizga, sanoat 7,8 foizga, xizmatlar 14,8 foizga va qurilish 9,2 foizga oʻsgan.
Geosiyosiy keskinliklar kuchayishi global taʼminot uzilishlari, energiya va oziq-ovqat narxlari hamda logistika xarajatlari oshishiga olib kelib, import orqali ichki inflyatsiyaga qoʻshimcha bosim yaratishi mumkin.
Markaziy bankning pul-kredit siyosati inflyatsiyani oʻrta muddatda 5 foizlik maqsadli darajagacha pasaytirish, makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash va aholining xarid qobiliyatini saqlashga qaratilgan boʻlib qoladi.
Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha navbatdagi yigʻilishi 2026-yil 29-aprel kuniga belgilangan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring