“Maʼrifat karvoni” maʼnaviyat va maʼrifat ziyosini ulashdi
Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Mamlakatimiz boʻylab “Maʼrifat karvoni” ilmiy-maʼrifiy va madaniy targʻibot tadbirlari boʻlib oʻtmoqda. Andijon viloyatida uch kun davom etgan “Tamaddun, madaniyat va maʼrifat” mavzusidagi tadbirlarda respublika maʼnaviyat targʻibotchilari va viloyatdagi keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Unda Yangi Oʻzbekistonning bugungi va ertangi taraqqiyotini barpo etish, yangi bosqichga olib chiqish borasida amalga oshirilgan ishlar, kelgusidagi muhim vazifa va maqsadlar, keng qamrovli islohotlar xususida toʻliq maʼlumotlar berildi.
— Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, ilgʻor yoshlarga, jonkuyar ziyolilarga, Vatan ravnaqi yoʻlida birlashgan xalqqa ega boʻlgan davlatgina oʻz milliy manfaatlarini taʼminlashga erisha oladi, — deydi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining viloyat boʻlimi rahbari Abdulhamid Nurmatov. — Shuning uchun targʻibot tadbirlari davomida ilm-fan, maʼnaviyat, madaniyat va sanʼat sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarning ilmiy tahlili, ularning jamiyatdagi ahamiyati, bu borada ziyolilarning, faol yoshlarning ishtirokini yanada shakllantirish, innovatsion gʻoyalar tarmogʻini rivojlantirish masalasiga koʻproq eʼtibor qaratdik. Bu borada “Yangi Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va bunyodkorlik ishlari”, “Yangi Oʻzbekiston – islohotlar falsafasi”, “Zamonaviy yoshlar – taraqqiyot drayveri” kabi mavzulardagi tadbirlar, shuningdek, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi bilan hamkorlikda xorijdagi vatandoshlarimiz ishtirokida boʻlib oʻtgan loyihalar muhim ahamiyatga ega boʻldi.
Tadbirlar yakunida “Maʼrifat karvoni” ilmiy-maʼrifiy va madaniy targʻibotida faol ishtirok etayotgan bir guruh soha vakillari taqdirlandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring