Margʻilon shahar sektorlari rahbarlari faoliyati qoniqarsiz deb topildi

19:02 21 Noyabr 2023 Jamiyat
352 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Tashabbus yoʻq joyda taraqqiyot boʻlmaydi. Oʻz faoliyatini ana shu mezon asosida tashkil etolmayotgan rahbar zimmasidagi masʼuliyatli vazifani bajarishda qiynaladi. Hududni ijtimoiy–iqtisodiy rivojlantirish, xususiy va kichik biznes, oilaviy tadbirkorlik, ishlab chiqarish va sanoat tarmoqlari faoliyatini qoʻllab–quvvatlash dasturlari ijrosida depsinish kuzatiladi.

Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov viloyat sektorlari rahbarlari hamrohligida Margʻilon shahrida boʻlib, davlat dasturlari ijrosi doirasida aholi bandligini taʼminlash, yangi ish oʻrinlari yaratish, kichik sanoat zonalari faoliyatini rivojlantirish kabi yoʻnalishlarda olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi boʻyicha amalga oshirilayotgan obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarini oʻrgandi.

Oʻrganishlar yakunida shaharda tadbirkorlik muhitini yaxshilash, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish borasida sektor rahbarlari faoliyati qoniqarsiz ekanligi taʼkidlandi. Shuningdek, masʼuliyatsizlik va boqibegʻamlik tufayli elektr energiyasi, soliqlar boʻyicha mavjud qarzdorlikni kamaytirishda oʻta sustkashlikka yoʻl qoʻyilayotgani keskin tanqid qilindi.

— Afsuski, bundan uch oy oldin Margʻilon shahar hokimi sifatida ish boshlagan Shukurulloxon Nisbatxonovda tashabbuskorlik yetishmayapti, — dedi viloyat hokimi. — Shu bois yangi ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish, tadbirkorlarni yangi yutuqlar sari ragʻbatlantirish borasida yetarli darajada ish tashkil etilmagan.

Oʻz navbatida shahar hududida obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari oʻz holiga tashlab qoʻyilgan. Shu sababli yoʻl chetidagi yer maydonlari tashlandiq ahvolda , kuzgi daraxt ekish mavsumi rejali tashkil etilmagan. Yuzma–yuz muloqotda shahar sektorlari rahbarlari faoliyati keskin tanqid qilinib, kamchiliklarni bartaraf etish, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish, manzarali daraxtlar ekish boʻyicha rejali ish olib borish vazifasi hamda aniq muddatlari belgilandi.

Shu bilan birga Margʻilonda energiya resurslari toʻlovlari va soliqlar boʻyicha aholining va tadbirkorlik subyektlarining debitor qarzdorligi yuqori ekanligi, xususan elektr energiyasidan qariyb 25 mlrd. soʻm, tabiiy gaz taʼminoti boʻyicha 2,5 mlrd. soʻmdan ziyod debitor qarzdorlik borligiga eʼtibor qaratildi. Shartnoma majburiyatlarini bajarmayotgan isteʼmolchilarga nisbatan taʼsirchan choralar koʻrilmayotgani aytib oʻtildi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер