Maʼnaviy uygʻoqlik masʼuliyat mezoniga aylanishi kerak

17:45 25 Dekabr 2023 Siyosat
487 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi yigʻilishida dastlab Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yigʻilishidagi nutqi mazmun-mohiyati, fraksiya oldida turgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda maʼnaviy-maʼrifiy sohalarda katta ishlar amalga oshirilmoqda. Maʼnaviyat va ijodni qoʻllab-quvvatlash maqsadli jamgʻarmasi hamda Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti tashkil etildi. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tizimidagi xodimlar soni ikki karra oshirildi, ularni moddiy ragʻbatlantirish choralari koʻrildi.

Fraksiya rahbari Alisher Qodirov qayd etganidek, yigʻilishda ilgari surilgan gʻoya va tashabbuslar taʼbir joiz boʻlsa, partiyaning 2024-yilgi parlament saylovidagi dasturining mazmun-mohiyatini tashkil etadi. Zero, davlat rahbari maʼruzasida “Milliy tiklanish” partiyasi ilgari surishi mumkin boʻlgan konseptual gʻoyalar toʻlaligicha aks etgan.

Ayniqsa, davlatimiz rahbarining Vatan va xalq taqdiriga nisbatan tahdidlar kuchaygan bir paytda millat fidoyilari boʻlgan ziyolilarning jasorat bilan maydonga chiqishlari haqidagi fikrlari bugungi shiddatli oʻzgarishlar, milliy qadriyatlar va qardriyatsizliklar toʻqnashayotgan nozik chorrahalarda yuzaga kelayotgan toʻqnashuvlar davrida uygʻoq qalbli ziyolilarimiz zimmasidagi masʼuliyatni yana bir bor eslatgandek boʻldi.

Prezidentimiz jadidlar haqida gapira turib, zamonaviy ilm-fanni egallagan va ayni paytda milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlarni suv va havoga qiyosladiki, bu yaqin istiqboldagi rejalarimizni qayta-qayta taftish qilish lozimligini anglatadi.

— Shu maʼnoda ham, milliy gʻoyani rivojlantirishga doir Prezidentimiz tashabbuslari “Milliy tiklanish” partiyasi uchun ustuvor masalalarning ustuvoriga aylanishi shart, – dedi A.Qodirov.

Yigʻilishda fraksiya aʼzolari soʻzga chiqib, davlat rahbari nutqiga oʻz munosabatini bildirdi va deputatlar oldidagi ustuvor vazifalar haqida gapirdi. Bu borada qilinadigan vazifalar belgilab olindi.

Shundan soʻng, fraksiya aʼzolari “Kambagʻallikni qisqartirishda tadbirkorlik subyektlari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik oʻrnatishga qaratilgan chora‑tadbirlar belgilanganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini muhokama qildilar.

Mamlakatimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qoʻllab-quvvatlash tizimining samaradorligini oshirish doirasida kambagʻallikni qisqartirish, shuningdek, kam taʼminlangan oilalar aʼzolarining bandligini taʼminlashga qaratilgan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, soliq imtiyozlari va preferensiyalar, xususan, soliqlarni boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyatini berish va pasaytirilgan soliq stavkalarini belgilash orqali tadbirkorlik subyektlarini kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlarga faol jalb qilish maqsadga muvofiq.

Fraksiya aʼzolari qonun loyihasini muhokama qilish davomida uni yanada takomillashtirish boʻyicha bir qator takliflar berdi. Loyihadagi ayrim normalar yuzasidan asosli savollar koʻtarildi. Qonun tashabbuskorlari berilgan har bir savol boʻyicha asosli tushuntirishlar berib oʻtdilar.

Ularning aytishicha, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi soliq maʼmuriyatchiligini soddalashtirish, shuningdek, Soliq kodeksi normalarining toʻgʻridan-toʻgʻri amal qilishiga va aholi bandligining oʻsishiga, kambagʻallikni qisqartirishga xizmat qiladi.

Qizgʻin bahs-munozaralardan soʻng, qonun loyihasi fraksiya aʼzolari tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер