Mahallalarga kompyuter jamlanmasi va mebellar berildi
Foto: Xalq so‘zi
Buxoro viloyati Shofirkon tumanidagi “Guliston” mahalla fuqarolar yigʻini hududida 4800 nafardan ziyod aholi yashaydi. Ularning murojaatlarini tezkorlik bilan hal etish, tashvishlarini yengillashtirish fuqarolar yigʻini moddiy-texnika bazasining nechogʻli mustahkamligiga ham bogʻliq.

— Ana shuni hisobga olgan “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat boʻlimi bizga kompyuter va mebel toʻplami ajratdi, — deydi mazkur mahalla fuqarolar yigʻini raisi Avaz Panoyev. — Umuman olganda, tizim moddiy-texnika bazasining mustahkamlanayotgani ish faoliyatimizni samarali tashkil etishda qoʻl keladi. Xodimlarga qulaylik yaratadi. Fuqarolarimizning u yoki bu masala yuzasidan qilgan murojaatlarini imkon qadar tez hal etishga sharoit tugʻdiradi.
Xayriya jamoat fondi kam taʼminlangan, yakka-yolgʻiz yashovchi, nogiron fuqarolarga manzilli yordam koʻrsatishda ham faollik koʻrsatmoqda.
— Yaqinda “Mahalla” xayriya jamoat fondi masʼullari menga nogironlik aravachasi hadya qilishdi, — deydi Shofirkon tumanidagi Qalmoqon qishlogʻida yashovchi Maryam Shokirova. — Endi koʻcha-koʻyga chiqish, qoʻni-qoʻshnilar bilan diydorlashish imkoniga egaman. Ilohim, baraka topishsin.
Aytish joizki, jamoat fondi yaqinda viloyatdagi bir qator mahallalarga umumiy miqdori 56 million soʻmdan ziyod kompyuter va mebel jihozlari ajratdi, bir guruh ehtiyojmand fuqarolarga esa moddiy yordam olishlari uchun sertifikatlar topshirdi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring