Mahallalardagi dolzarb masalalarni hal etishga qaratilgan tashabbus

14:09 13 Mart 2026 Jamiyat
243 0

Toyloq tumani hokimi, xalq deputatlari tuman Kengashi deputati Behzod Rahmatullayev tashabbusi bilan mahallalardagi dolzarb muammolarni hal etish maqsadida har bir deputatga bosqichma-bosqich 25 million soʻmdan mablagʻ ajratish taklifi ilgari surilgan edi.

Ushbu tashabbus doirasida aholi tomonidan, ayniqsa, elektr taʼminotini yaxshilash boʻyicha bir qator taklif va murojaatlar bildirildi. Xususan, Taraqqiyot mahallasiga 50 dona, Tolliota mahallasiga 40 dona hamda Birlik mahallasiga 11 dona elektr simyogʻoch ustunlari oʻrnatish masalasi deputatlarga yetkazildi.

Mazkur masalalar deputatlar tomonidan oʻrganilib, doimiy komissiya muhokamasiga hamda xalq deputatlari tuman Kengashi sessiyasi kun tartibiga kiritildi. Natijada ushbu takliflar ijobiy hal etilib, mahallalarga elektr simyogʻoch ustunlarini ajratish boʻyicha tegishli qaror qabul qilindi.

Shuningdek, xalq deputatlari Jomboy tumani Kengashi deputati Nodir Toʻrayevga 11-Gʻazira saylov okrugida yashovchi fuqaro Abdulaziz Mardiyev tomonidan mahalladagi ichki yoʻlni asfalt qilish, yaroqsiz simyogʻoch ustunlarni almashtirish hamda tungi yoritgichlar ishlamayotgani yuzasidan murojaat qilindi.

Maʼlum boʻlishicha, ushbu yoritgichlar obodonlashtirish boʻlimi balansida boʻlsada, amalda ishlamayotgan edi. Murojaatni ijobiy hal etish maqsadida tuman obodonlashtirish boʻlimi tomonidan koʻchaga quyosh energiyasida ishlaydigan yangi yoritgichlar oʻrnatish, tuman elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan esa 12 ta yaroqsiz simyogʻoch ustunni almashtirish belgilandi.

— Men deputatimizga Sariqipchoq mahallasiga olib keluvchi asosiy yoʻl taʼmirtalab ahvolga kelib qolganini bildirib, uni taʼmirlash masalasini koʻtargan edim, — deydi fuqaro Nodira Ahmedova. — Muammomiz yechim topadigan boʻldi. Ushbu yoʻl tuman avtoyoʻl korxonasi tomonidan yaqin kunlarda taʼmirlanishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, fuqaro Asqar Vahobov tomonidan Gʻazira mahallasining Doʻng qishlogʻidan Shakar qishlogʻigacha boʻlgan yoʻlni asfaltlash taklifi ilgari surildi. Mazkur masalani hal qilish maqsadida tuman obodonlashtirish boʻlimi tomonidan 2026-yilning ikkinchi yarim yilligida yoʻlni asfaltlash ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgani maʼlum qilindi.

Bundan tashqari, joylarda aholi tomonidan kadastr masalalari, ichki yoʻllarni shagʻallashtirish, bolalar bogʻchasi qurish, transformatorlarni taʼmirlash, moddiy yordam ajratish hamda ichimlik suvi taʼminoti bilan bogʻliq qator muammolar ham koʻtarilmoqda. Har bir murojaat deputatlar tomonidan tegishli tashkilotlar kesimida oʻrganilib, ularning ijrosi ustidan doimiy nazorat oʻrnatilmoqda.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер