Mahalladagi muammolarni hal qilish uchun moliyaviy manba yaratiladi

13:45 22 Dekabr 2022 Jamiyat
836 0

Foto: Arxiv surat

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida mamlakatimiz milliy rivojlanishning yangi davriga dadil qadam qoʻyayotgani hamda hayotimizning barcha jabhasida ulkan oʻzgarishlar yuz berayotganini alohida taʼkidladi.

Oʻtgan davrni sarhisob qilish bilan birga, anʼanaga koʻra, kelgusi yilga nom berish boʻyicha taklif bildirib, amalga oshiriladigan ustuvor vazifalarni belgilab berdilar. Prezidentimiz taklifi bilan 2023-yil “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb eʼlon qilindi.

Albatta, kirib kelayotgan yangi yilga bunday nom berilishi yurtimizda olib borilayotgan davlat siyosati markazida inson va uning manfaatlarini taʼminlash ustuvor ekanini dalillaydi. Qolaversa, buni yakuniga yetayotgan “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili” ning mantiqiy davomidir, deyish ham mumkin.

Murojaatnomada boshqa sohalar qatori mahalla tizimini takomillashtirish, mahallalarda xalqimiz uchun qulay sharoitlar yaratish borasida ham qator yangiliklar joriy etilishi aytib oʻtildi. Jumladan, bundan buyon davlat investitsiya dasturlari mahalla darajasiga tushirilishi nazarda tutilmoqda. Bu borada, eng avvalo, 2023-yilda aholi tomonidan taklif berilgan suv, elektr, yoʻl, maktab kabi loyihalar uchun qariyb 3 barobar koʻp, yaʼni 8 trillion soʻm miqdorida mablagʻ yoʻnaltirilishi, shuningdek, har bir mahalla oʻzining kutubxonasi, sport maydonchasiga ega boʻlishi zarurligi qayd etildi.

Bugungi kunda Qoraqalpogʻiston Respublikasida 424 ta mahalla va ovul fuqarolar yigʻini boʻlib, ularning koʻpida 2022-yilda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari hamda ogʻir hududlar roʻyxatidan chiqarish tadbirlari doirasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Lekin odamlarning haqli eʼtirozlariga sabab boʻlayotgan muammolar hamon yechimini topmagan mahallalar ham yoʻq emas. Boisi mahallaning oʻz moliyaviy manbai, yaʼni puli yoʻq edi.

Davlatimiz rahbari oʻzining bu galgi Murojaatnomasida mahalla oʻzining muammosini mustaqil hal etishi uchun “Mahalla byudjeti” tizimi joriy etilishini maʼlum qildi. Buning uchun 1-yanvardan boshlab mol-mulk va yer soliqlarining bir qismi mahallaning oʻzida qoladigan boʻldi. Demak, endilikda mahallada mavjud muammolarni hal qilishga qaratilgan moliyaviy manba yaratiladi.

Bundan ruhlangan holda biz hozirdanoq jamoamiz bilan birgalikda Prezidentimizning Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalardan kelib chiqib, amalga oshiradigan tadbirlarimizni belgilab olmoqdamiz.

Albatta, bu yangilik mahallalarni tom maʼnoda obod manzillarga aylantirishga, xalqimizning turmush farovonligini oshirishga xizmat qilishi muqarrar. Binobarin, Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, mahalla tinchlik va osoyishtalik poydevori, ahillik va hamjihatlik, maʼrifat va tarbiya qoʻrgʻonidir.

Sagʻindiq TURMANOV, 

Qoraqalpogʻiston Respublikasi mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vaziri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер