Mahalladagi DXM filiali
Namangan shahridagi “Orzu” mahalla fuqarolar yigʻinida 12 ta MFY joylashgan boʻlib, ular shahar markazidan 10-15 kilometr uzoqlikda joylashgani bois, davlat xizmatlaridan foydalanishda yoʻl olisligi sezilayotgan edi. Bu yerda keyingi paytda barpo etilgan ijtimoiy inshootlar orasida DXMning filiali binosi ham boʻlib, uning bitkazilishi yuqoridagi muammoga chek qoʻydi.
Raqamlarga murojaat qiladigan boʻlsak, keyingi bir yil davomida Namangan shahar davlat xizmatlari markaziga 757 956 nafar fuqaro tashrif buyurgani koʻzga tashlanadi. Yangi filial ochilishi bilan endilikda 87 mingdan ortiq fuqaro markazga kelishining oldi olinadi.
— Davlat xizmatlari koʻrsatish markazi filiali tashkil etilgani mahalladoshlarimizga katta qulaylik yaratdi, — deydi “Orzu” MFY raisi Ahmadjon Mavlonov. — Yoʻl yaqin boʻldi, vaqtdan yutyapmiz. Ochigʻini aytganda, fuqarolarimizga avvallari DXMda biror bir ishni bitirish uchun shaharga tushishga, kun boʻyi vaqt sarflashiga toʻgʻri kelardi. Mana endi zarur yumushni shundoqqina uyimiz roʻparasida bajarish imkoniyati tugʻildi.
Filialdagi qulayliklardan yana biri binoda bank shoxobchasi ham joylashgan. Unda oʻrnatilgan bankomat mijozlarga xizmat koʻrsatishni boshladi.
Yana bir jihat, hududda 405 ta oila uchun qurilayotgan zamonaviy uy-joylarning hujjatlari endi markazda emas, balki, mana shu filialda rasmiylashtiriladigan boʻldi.
Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring