Mahallada ishsizlikka barham berilmoqda

15:08 17 May 2022 Jamiyat
539 0

Foto: Халқ сўзи

Andijon viloyatida mavjud imkoniyatlardan unumli foydalangan holda aholini tadbirkorlikka keng jalb etish va shu orqali ishsizlikka barham berish borasida namuna boʻlayotgan mahallalar safi keng. Buloqboshi tumanidagi “Toshkechik” mahalla fuqarolar yigʻini shulardan biri.

Bu yerda yashovchi Qudratillo Baratov oʻz xonadonida oilaviy korxona tashkil etib, besh nafar mahalladoshini ish bilan taʼminladi.

— Tijorat banki orqali kredit mablagʻi olib, tikuvchilik sexini ochdik, — deydi Qudratillo Baratov. — Hozirda kichik jamoamiz bilan turli oʻlchamdagi kiyim-kechaklarni ishlab chiqaryapmiz. Mahsulotimiz ichki bozorda xaridorgir.

Ushbu mahallada yashovchi Mahliyo Sattorova bilan Mashhura Oʻrinova nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotini tashkil etib, 50 nafar bolajonni bogʻchaga qamrab oldi.

— Avvallari bunday sharoit boʻlmagan, — deydi Mashhura Oʻrinova. — Mahalladoshlarimiz ichida munosib ish topa olmay yurganlar koʻp edi. Hozirga kelib uydan chiqmagan holda daromad topish imkoniyatlari yaratilmoqda. Buning uchun qulay sharoit va moliyaviy koʻmakning ahamiyati katta boʻlyapti.

Mahalla odamlarining hayotidagi bu oʻzgarishlarda hokim yordamchi hissasi bor, albatta. Aynan hokim yordamchisi tomonidan xonadonbay ishlash tizimi orqali har bir oilaning ijtimoiy-iqtisodiy holati oʻrganilib, har kimning imkoniyati va ixtiyoriga koʻra moliyaviy koʻmak berish ishlari yoʻlga qoʻyildi.

— Joriy yilning birinchi choragida 69 nafar ishsiz fuqaro doimiy daromad topish imkoniyatiga ega boʻldi, — deydi mahalladagi hokim yordamchisi Mansurbek Abdullayev. — 19 nafar fuqaroga 10 yil muddatga ekin ekish uchun yer maydoni ajratib berildi. 30 nafar fuqaroga bogʻdorchilik, parrandachilik, issiqxona, tikuvchilik, hunarmandchilik yoʻnalishlarida tadbirkorlik qilish va rivojlantirish uchun 499 million 880 ming soʻmlik imtiyozli kreditlar rasmiylashtirildi. Bu bilan nafaqat ularni, balki boshqa mahalladoshlarni ham ishli qilishga erishdik.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер