Mahallada 120 oʻrinli yangi va zamonaviy bogʻcha faoliyat koʻrsata boshladi
Urgut tumani Dehqonobod mahallasida joylashgan 30-davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Ushbu maktabgacha taʼlim tashkiloti koʻp yillar davomida moslashtirilgan binoda faoliyat yuritgan boʻlib, 50 oʻringa moʻljallangan bino mutlaqo talabga javob bermaydigan ahvolga kelib qolgan edi. Bugun mahalla ahlining orzulari amalga oshib, yangi bogʻcha ishga tushdi.
Investitsiya dasturi asosida 30-davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti 4 milliard 423 million soʻmdan ortiq mablagʻ hisobiga yangidan bunyod etildi. Endilikda ushbu obyektning quvvati 120 oʻringa yetkazildi.

“BIG STORY BUILDING” masʼuliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan qisqa fursatda qurib foydalanishga topshirilgan muassasada bolajonlar uchun barcha qulaylik yaratilgan.
— Maktabgacha taʼlim tashkiloti sigʻimi kamligi ham doim muammoli vaziyatlarni keltirib chiqarardi, — deydi mudira Mavsuma Ahmedova. — Yangi binomizda barcha guruhlarimizga alohida xonalar mavjud boʻlib, bolajonlarning mashgʻulot oʻtishlari va dam olishlari uchun zarur qulayliklar yaratildi. Musiqa zali va oshxonamiz ham zamon talablariga toʻliq javob beradi. Bolajonlar uchun quyoshdan pana boʻlgan yozgi oʻyingohlar ham tashkil etildi. Umuman olganda, yangi bogʻchada bolajonlarga bugungi kun talabiga mos taʼlim-tarbiya berish uchun barcha imkoniyatlar mavjud.

Yangi bogʻchaning foydalanishga topshirilishi munosabati bilan oʻtkazilgan tadbirda tuman hokimligi hamda mahalla faollari ishtirok etib, yurtimizda yoshlar taʼlim-tarbiyasiga qaratilayotgan eʼtibor haqida soʻz yuritdi.
Dehqonobod mahallasida 7560 nafar aholi istiqomat qiladi. Maktabgacha taʼlim yoshidagi bolalar 661 nafarni tashkil etadi. Hududda bundan tashqari hozirda zamonaviy sharoitlarga ega 1 ta nodavlat, 3 ta oilaviy maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyat koʻrsatmoqda.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring