Limonchilikda Chiroqchi maktabini yaratgan ayol

14:13 10 Mart 2023 Jamiyat
589 0

Foto: Xalq so‘zi

Chiroqchi tumanidagi Chorshanbe qishlogʻi hududi pastqam adirliklaru yaydoq dalalardan iborat. Oqar suv yoʻq. Bu yerlarda dehqonchilik qilish, bogʻ yaratish oson ish emas. Biroq mana shu yaydoq dalalarda ham limon, apelsinu mandarinlari koʻzni yashnatadigan haqiqiy tropik bogʻ barpo etish mumkin ekan. Buning uchun ishtiyoq, maqsad va qatʼiyat zarur.

Chorshanbelik 71 yoshli onaxon Tojixol Bekmurodovaning issiqxonasidagi manzarani koʻrib, bunga oʻzingiz ham amin boʻlasiz.

Yigirma ikki yil maktabda oʻqituvchilik qilganman, - deydi Tojixol aya. – Boshqa viloyatlardagi qarindoshlarimnikiga mehmonga borganda ularning issiqxonalarini koʻrib, menda ham shu ishni yoʻlga qoʻyish rejasi paydo boʻldi. Bu paytda farzandlarim ulgʻayib, yonimga kirib qolishgandi. Ular ham rejamni qoʻllab-quvvatlashgach, ishni boshlab yubordik.

Tojixol Bekmurodovaning aytishicha, boshida bu qaqroq adirlar bagʻrida issiqxona qurib, meva-sabzavot yetishtirish mumkinligiga koʻpchilik ishonmagan. Bu ishdan natija chiqmasligi, qilingan sarf-xarajat havoga uchishini aytganlar ham koʻp boʻlgan. Biroq oʻz maqsadi sari qattiq intilgan ayol bir gektar maydonda yertoʻla usulidagi yirik issiqxonani barpo etib, u yerga ming tupga yaqin limon, apelsin va mandarin koʻchatlarini oʻtqazadi. Ekinlarni yer osti suvi bilan sugʻorish tizimini yoʻlga qoʻyadi.

— Hozir barcha koʻchatlarimiz toʻliq hosilga kirgan, — deydi T. Bekmurodova. – Yiliga 20-25 tonna hosil olyapmiz. Bundan tashqari chorvachilik hamda ochiq maydonda poliz va sabzavot ekinlarini yetishtirish bilan shugʻullanamiz. Farzandlarim, qiz-kelinlarimning barchasi oʻzimizning tomorqada mehnat qilishadi. Albatta, shunga yarasha yaxshigina daromad ham topamiz. Yangi uy-joylar qurdik, toʻylar qilyapmiz, mashinalar olyapmiz, bularning barchasi mehnatimiz ortidanda.

Tojixol Bekmurodova gap orasida toʻrt yil avval bir dona shaftoli koʻchatini olib kelib, sinov uchun issiqxona sharoitida parvarishlab koʻrganini aytib qoldi. Ayaning taʼkidlashicha, bu tajriba yaxshi natija berib, «yopiq tomorqa»dagi shaftoli ancha ertachi, juda sifatli hamda moʻl hosil beribdi. Bundan ruhlangan tashabbuskor ayol endi yana bir gektarlik issiqxona barpo etib, yopiq sharoitda shaftoli yetishtirishni ham yoʻlga qoʻymoqchi.

Eʼtiborli jihati, Tojixol Bekmurodovaning issiqxonadan yaxshi daromad olayotganini koʻrib, koʻpchilik hamqishloqlari, tanish-bilishlari ham bu ishni yoʻlga qoʻyishmoqda. Boshqa mahallalardan kelib onaxondan maslahat soʻraydigan, undan ish oʻrganib ketayotganlarning esa son-sanogʻi yoʻq.

Jahongir BOYMURODOV, «Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер