Kurashlardan charchamagan odam murodiga yetadi

16:29 16 Noyabr 2022 Jamiyat
584 0

Foto: Xalq so‘zi

Samarqand tibbiyot institutida oʻqib yurgan kezlarimda Qarshi shahrida xususiy klinika ochishni niyat qilganman. Doʻstlarimga niyatimni aytganimda bu ish u qadar oson emasligini eslatdilar. Ammo hech bir gap-soʻz yuragimdagi orzuni soʻndira olmadi. Baribir niyatimga yetaman, deb qatʼiy ishonardim. Odamning yuragida ishonch ustuvor boʻlsa, albatta, niyati amalga oshar ekan.

Buni men 2012-yilda Qarshi shahrida “Doktor-M” xususiy klinikasini ochganimdayoq his qildim. Ammo quvonchim uzoqqa choʻzilmadi. Klinika binosi «snos»ga tushdi va uni buzib tashlashdi. Ustozlar menga “Har qanday muvaffaqiyatsizlik zamirida bir hikmat bor” deyishgan edi. Ana shu soʻzlar menga dalda boʻldi. Vaqt oʻtib, yana oʻzimni tikladim. 2015-yilda «Nevromed shifo maskani» xususiy klinikasini ochishga muvaffaq boʻldim. 2020-yilda «Neomed medikal-kompleks» koʻp tarmoqli tibbiyot markaziga asos soldim.

Hozirgi kunda men rahbarlik qilayotgan 2 ta shifo maskanida 80 nafar kishining bandligi taʼminlangan. Ulardan 12 nafari vrach va 30 nafari oʻrta tibbiyot xodimidir. Klinikamizda murakkab jarrohlik amaliyotlari ham oʻtkaziladi. Ayniqsa, disk churrasi, ginekologiya yoʻnalishlarida shunday amaliyotlar tez-tez amalga oshiriladi. Bilaszmi, bemorlar sogʻayganida, yuzida quvonchni koʻrganimda tanlagan kasbimdan, shifokorligimdan gʻururlanib ketaman.

Yaqinda Prezidentimiz Farmoni asosida davlatimizning yuksak mukofoti – “Shuhrat” medaliga sazavor boʻldim. Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan medalni qabul qilib olar ekanman, koʻz oʻngimdan bosib oʻtgan mashaqqatli hayot yoʻlim, iztiroblarim va klinika ochish uchun chekkan zahmatlarim oʻtdi. Eng muhimi, kurashlardan charchamagan odam, shak-shubhasiz, oʻzi koʻzlagan manzilga yetar ekan. Buni menga yuksak mukofot har qadamda eslatib turadi.

 

Jasur MURTAZAYEV,

Qarshi shahridagi «Nevromed shifo maskani» xususiy klinikasi rahbari, “Shuhrat” medali sohibi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер