Korrupsiyaga qarshi kurashishni hamma oʻzidan boshlashi kerak
Korrupsiya va milliy taraqqiyot masalasi — yurt taqdiri, mamlakat kelajagi uchun har qachongidan muhim va dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda.
Soʻnggi yillarda davlat bojxona xizmati organlarida mazkur illatga qarshi keskin kurash olib borilmoqda.
Tizim korrupsiyaga qarshi kurash borasida oʻzining alohida siyosatiga ega, tizimda xodimlarni korrupsiyadan himoya qilish borasida barcha huquqiy baza shakllantirilgan.
Joylarda bojxona xodimlarining bu borada huquqiy savodxonligini oshirish, mazkur illatga qarshi ularda immunitet hosil qilish, ularni “halollik” vaksinasi bilan emlash maqsadida muntazam tarzda oʻquv-amaliy mashgʻulotlar, profilaktik suhbatlar tashkil etib borilmoqda.
Ana shunday tadbirlardan yana biri Davlat bojxona qoʻmitasining Bojxona institutida “Korrupsiyaga – qarshi kurashishga barchamiz masʼulmiz” mavzusida Davlat bojxona qoʻmitasi Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Bojxona instituti masʼul xodimlari hamda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi rahbariyati va shaxsiy tarkibi ishtirokida boʻlib oʻtdi.
Davra suhbati tarzida tashkil etilgan tadbirni boshqarma boshligʻi T.Saidov oʻz nutqi bilan ochib berdi.
T.Saidov oʻz nutqida bojxona tizimini korrupsiyadan xoli qilish Davlat bojxona qoʻmitasi va uning hududiy boshqarmalari oldida turgan eng ustuvor vazifa ekanligi, bu borada soha xodimlari boshqa davlat idoralariga namuna boʻlishi kerakligini alohida taʼkidlab oʻtdi.
Davra suhbatida oʻz maʼruzasi bilan ishtirok etgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimi S.Mamanov yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi davlat siyosati va uning ustuvor yoʻnalishlari, qabul qilinayotgan huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyati, korrupsion jinoyatlar tahlili, korrupsiyaga qarshi kurashishda «komplayens-nazorat» tizimining ahamiyati xususida batafsil maʼlumotlar berib oʻtdi.
Davra suhbatida taʼkidlanishicha, endilikda barcha davlat organlari korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi, korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning ochiq elektron reyestri yuritiladi, davlat xizmatchilari va ularning turmush oʻrtogʻi va voyaga yetmagan farzandlarining daromadi va mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimi joriy etiladi va har yili yakuni boʻyicha barcha davlat organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini baholovchi reyting eʼlon qilinadi.
2022-yil 1-fevral sanasidan oʻz faoliyatida korrupsiyaga qarshi menejment tizimini joriy etgan barcha davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash “E-Anticor.uz” elektron platformasi orqali amalga oshiriladi.
Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini baholash reytingida Davlat bojxona qoʻmitasi 91 ball bilan birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi.
Bojxona instituti katta oʻqituvchisi F.Gʻafurov oʻz maʼruzasida esa bojxona organlari faoliyatida korrupsiyaviy holatlarning sodir etilishiga taʼsir etuvchi omillar, korrupsiyaning bojxona xodimlari huquqiy, psixologik va diniy oqibatlari haqida maʼlumotlar berdi.
Oʻzaro savol-javob, ochiq va samimiy ruhda boʻlib oʻtgan davra suhbatida xodimlarning fikr-mulohazalari hamda takliflari tinglandi.
Muxtasar aytganda, korrupsiya — taraqqiyot kushandasi, xavfsizlikka tahdid tugʻdiruvchi xavfli jinoyat.
Bu illatga qarshi kurashishda ham bir bojxona xodimi jamiyatdan, yon atrofdan emas, balki avvalo oʻzi va oilasidan boshlashi zarur. Shundagina biz ushbu xavfni bartaraf etgan boʻlamiz.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring