Koronavirus pandemiyasi voqealarni tezlashtirib, yaqin kelajakni ortga qaytarmoqdami?
Illyustrativ foto
Koronavirus pandemiyasi dunyodagi koʻplab voqealarni tezlashtirib yubordi. Xitoyning Sinxua universiteti jurnalistika instituti professori Shen Yanning “Xuansyu shibao” gazetasida shu haqidagi fikrlarini bildirib oʻtdi.
Unda qayd etilishicha, bundan oʻn yil keyin roʻy berishi kerak boʻlgan oʻzgarishlar bugun kuzatilmoqda. “Bunday jadallashuv xatarlar sonini ham koʻpaytiradi” deyiladi materialda.
Boʻm-boʻsh koʻchalar, holdan toygan bemorlar, tibbiyot xodimlarining qahramonliklari va turli hukumatlar tomonidan qabul qilinayotgan favqulodda chora-tadbirlar epidemiya vujudga keltirgan kartinaning old tomoni. Kino va turizm industriyasi faoliyati, anʼanaviy kasblarning vaqtincha toʻxtashi va internetning gullab-yashnashi — bu ana oʻsha manzara ortida turgan holatlardir. Mana shularning barchasi pandemiya dunyoda sodir etayotgan chuqur evrilishlardan dalolat beradi.
“Hamma joyda harakatlanishning cheklanishi, chegaralar va izolyatsiya insoniyatni xuddi oʻrta asrlarga qaytarib yuborgandek. Jahon sanoati ham yangitdan tashkil topishiga shubha yoʻq. Epidemiyadan soʻng ham milliy madaniy xususiyatlar va mahalliy yechimlarga qaratilgan “suveren globallashuv”ga nisbatan kuchli eʼtibor saqlanib qolishi mumkin” deb yozadi Sh.Yan.
Taʼkidlanishicha, epidemiyadan keyin ham har bir mamlakat ichida insonlar oʻrtasida bevosita(aloqasiz) amalga oshirilishi mumkin boʻlgan amaliyotlar aholi barcha qatlamlarining kundalik ehtiyoji boʻlib qolaveradi. Chunki oʻtgan yaqin oylarda kontaktsiz(masofaviy) tarmoqlar rivojiga katta turtki berildi. Natijada robotlar, sunʼiy intellekt, avtonom elektron tijorat, uchuvchisiz uchish qurilmalari, onlayn-konferensiyalar, tasvirlarni tanish va boshqa sohalar taraqqiyot oqimiga oʻta faol darajada qoʻshilib ketdi.
Aslida kontaktsiz hayot — bu sunʼiy ongning inson qobiliyati darajasigacha yuksalishidir. Bu aslida kelajak tendensiyasi edi. Vaholonki, koronavirus ana oʻsha istiqbolni ortga qaytarib, bugunga olib kelib qoʻydi.
Bir tomondan bu odamlarning tarmoq orqali axborot olishini koʻpaytirsa, boshqa tomondan tashqi dunyo bilan aloqa samaradorligini keskin oshiradi. Paradoksni qarangki, hozirgi paytida cheksiz aloqa insonlarning maʼnaviy-ruhiy dunyosini yana-da kengaytirmoqda.
Yana bir holat. Sunʼiy intellekt bizdagi muayyan qobiliyat oʻrnini bosar ekan, alaloqibat oʻsha qobiliyatimiz soʻnib boraveradi. Shunday ekan agar inson oʻzining maʼnaviy saviyasi va maydonini kengaytirmasa, undagi ijtimoiy funksiyalar qiymati sezilarli darajada pasayib ketadi.
Professorning keltirishicha, odamlarning internet qarshisida vaqt oʻtkazishi joriy yil fevral oyida toʻrt soat oshib, sakkiz soatga yetgan. Oʻtgan yil iyun oyida bu muddat toʻrt soat edi.
Aslida bunday davr oʻn yil keyin kirib kelishi kerak edi, deb yozadi ekspert. Buning yana bir tarafi bor. Agar inson bir kunining 8 soatini uyquga sarflasa, qolgan 16 soatining yarmini internetda oʻtkazyapti. Bu real hayotga ketayotgan vaqtdan ham koʻpdir. Yaʼni bashariyat muddatidan oldin virtual reallikka chuqur kirib boryapti. Boz ustiga, global tarmoqdan uzoqda boʻlgan keksa insonlar ham internet-foydalanuvchilari safini faol toʻldirishmoqda. Suv va elektr energiyasi bazaviy taʼminoti, uy sharoitlarida internet-biznes yuritishning ommalashuvi hamda tarmoq maʼlumotlari toʻliq yetkazib berilishi sharofati xonanishinlarning ham daromad topishiga qulay zamin yaratdi.
Bu oʻz navbatida kino va fantastik romanlardagi yalpi robotlashuv protsessini yana-da yaqinlashtirmoqda. Salbiy tomoni bunday vaziyat anʼanaviy sohalarda ishsizlar soni koʻpayishiga olib keladi.
Xitoylik olim shu kabi ijobiy va salbiy jihatlarni inobatga olgan holda, bu boradagi konsepsiyaga tuzatishlar kiritish hamda aniq strategiyaga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish zarur ekanligini bildirgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring