Koronavirus odam ajratmaydi
Butun Yer yuzi boʻylab hukm surayotgan pandemiya hali ortga chekingani yoʻq. Mamlakatimizda karantin cheklovlarining yengillashtirilgani bir qancha imkoniyatlar eshigini ochgan boʻlsa-da, bu koronavirus xavfidan himoya qila olmaydi. Shunday ekan, kasallikni yuqtirib olish va yuqtirib qoʻymaslik choralarini koʻrish har birimizning burchimizdir. Biroq, tan olish kerak, keyingi kunlarda bu borada eʼtiborsizlik paydo boʻldi. Gigiyena qoidalariga amal qilmayotganimiz kamlik qilgandek, endi niqob taqishni ham “unutib qoʻyyapmiz”. Vaholonki, oʻz salomatligiga befarq boʻlmagan har qanday inson birinchi galda niqob taqishni va uning afzallik jihatlarini anglab yetmogʻi kerak. Bozorlarda, bekatlarda, oshxonalarda, bir soʻz bilan aytganda, odamlar gavjum joylarda yurtdoshlarimizning bemalol niqobsiz yurganiga, oraliq masofaga amal qilmayotganiga guvoh boʻlyapmiz. Nega? Nima, koronavirus sizga yaqin yoʻlamaydimi? Afsuski, bu kasallik odamlarni toifaga ajratib oʻtirmaydi. Agar shunday boʻlganida salomatligimizga masʼul boʻlgan mutasaddi idoralar vakillari ushbu dard bilan betoblanmagan boʻlardilar.
Xullas, joylarda fuqarolarning amaldagi tartiblarga rioya etmaslik holatlari kuzatilmoqda va mutasaddilar tomonidan bunga qarshi kurash harakatlari ham boshlandi. Jumladan, Qoʻrgʻontepa tumanida boʻlib oʻtgan tadbir davomida bir kunda 100 nafardan ziyod fuqarolarning niqobsiz yurganligi holati qayd etildi.
— Uyim shundoqqina yoʻlning u chetida boʻlgani bois bozorga non sotib olish uchun kirgandim,— deydi Qoʻrgʻontepa tumanidagi “Navroʻz” MFYda istiqomat qiluvchi Odinaxon Sobirova. — Niqobim bor, uyda qolibdi.
Qorni ochganda non yeyish kerakligini tushungan yurtdoshimiz afsuski, bu vaqt ichida yuzlab odamlarga turtinishi va kimdandir kasallik yuqtirishi mumkinligini yoki oʻzi yuzlab odamlarga yuqtirishi xavfi mavjudligini ham tushunib yetsa yaxshi boʻlardi.
— Dorixonaga dori sotib olish uchun kirdim,-deydi «Savoy» MFYda yashovchi Nuriddin Ahmadaliyev. –Mashinam shundoqqina dorixona roʻparasida turgan boʻlsa, niqob taqishim shartmi?
Kechirasizu, koronavirus bu xolni uzrli hisoblamaydi va payt boylab turib, shundoqqina tanangizga yopishib olaveradi. Niqob taqish shartligini shunda tushunasizmi, birodar?
Niqob taqishni shunchaki “unutib qoʻygan” yoki uni «birrovga yechib turgan» ayrim yurtdoshlarimizga Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 54-moddasiga koʻra karantin va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa turdagi yuqumli kasalliklar paydo boʻlishining yoki tarqalishining oldini olish maqsadida belgilangan majburiy qoidalarni buzish - fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan - 30 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻlishini eslatib qoʻygimiz keldi. Eng muhimi, bu oʻzgalar salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatishi, mamlakatimizda pandemiya chekinishini ortga tortishi mumkin. Shunday ekan, har birimiz amaldagi tartiblarga rioya etish orqali fuqarolik burchimizni ado etmogʻimiz shart.
Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring