Korxonaga besh oʻrindiqli ekoavtoulovlar topshirildi
Navroʻz bayrami arafasida “Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksionerlik jamiyati texnika parki 22 ta zamonaviy avtoulovlar bilan boyidi. Korxonaga Xitoyga ishlab chiqarilgan “Changan” rusumli elektromobillar topshirildi.
Besh oʻrindiqli, bir tonnadan ziyod yuk koʻtarish quvvatiga ega bu texnika vositasi avariya brigadalarining tezkor harakatlanishi, nosozlikni bartaraf etish bilan bogʻliq jihozlarni, shuningdek, transformatorni kerakli manzilga yetkazishda qoʻl keladi. Ular avariya holatlarini bartaraf etishda, aholi hamda korxona, tashkilotlarga elektr energiyasini uzluksiz yetkazishda, xizmat sifatini oshirishda asqatadi. Bu rusumdagi mashinalar atrof-muhitga ziyon yetkazmasligi bilan ham ahamiyatli.

Sirasini aytganda, koʻplab korxonalar qatori mazkur aksionerlik jamiyatida ham bunday ekoavtoulovlarga ehtiyoj katta. Soha mutasaddilarining bildirishlaricha, birgina aholi tigʻiz yashovchi Gʻijduvon, Buxoro tumanlarida avariya holatlarini bartaraf qilish uchun oʻndan ziyod brigada faoliyati koʻrsatmoqda. Korxona texnika parkining yangilanayotgani esa shu ehtiyojni qondirish yoʻlidagi salmoqli qadamdir.
Elektromobillarni topshirishga bagʻishlangan tantanali marosimda qatnashgan viloyat hokimi B. Zaripov bu avtoulovlar aholiga koʻrsatilayotgan mobil xizmat sifatini oshirishni taʼkidladi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring