Konstitutsiyaviy odil sudlov ta’minlanadi

11:15 30 May 2018 Siyosat
2290 0

Poytaxtimizda “Konstitutsiyaviy sud davlat hokimiyati organlari tizimida: vazifalar va istiqbollar” mavzuida davra suhbati o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining mamlakatimizdagi loyihalari koordinatori hamkorligida tashkil etilgan tadbirda parlament a’zolari, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, vazirlik va idoralar, ilmiy muassasalar, oliy o‘quv yurtlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari qatnashdi. 
Ta’kidlanganidek, qonun ustuvorligini ta’minlash, sud-huquq tizimini yanada isloh qilish Harakatlar strategiyasining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan bo‘lib, ayni paytda bu borada keng ko‘lamli sa’y-harakatlar olib borilmoqda. Bular, o‘z navbatida, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, nufuzini oshirish, sud tizimini demokratlashtirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, ma’muriy, jinoyat, fuqarolik va xo‘jalik qonunchiligini, shuningdek, jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish tizimini takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etayotir. 

Davra suhbatida so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar jamiyatda adolat tamoyillarini keng qaror toptirishga, mamlakatda demokratiyani rivojlantirishga xizmat qilayotgani, eng muhimi, bu tub o‘zgarishlardan odamlar mamnun ekani qayd etildi. Binobarin, Prezidentimiz 2017 yil 13 iyunda sud organlari tizimida odil sudlovni ta’minlash borasidagi ishlarning ahvoli, muammolar va istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishidagi ma’ruzasida ham adolat xalqimiz uchun azaldan tinch va farovon hayot mezoni, ezgulik manbai bo‘lib kelganini ta’kidlagan edi. 

— Darhaqiqat, so‘nggi yillarda ushbu sohada aniq chora-tadbirlar, keng qamrovli ishlar tizimli olib borilmoqda, — deydi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi eksperti Kamola Hamidova. — Chunonchi, yagona Oliy sud tashkil etildi, ma’muriy va iqtisodiy sudlar tuzildi, sudyalar hamjamiyatining yangi organi sifatida Sudyalar oliy kengashi tashkil etildi. Albatta, bularning barchasi fuqarolar, jismoniy va yuridik shaxslar hamda tadbirkorlarning huquqlarini sud orqali himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishda muhim o‘rin tutayotir. 

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 108 hamda 109-moddalariga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgani, uning asosida “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun qabul qilingani aytib o‘tildi. 

Ishtirokchilarning fikricha, ushbu Qonun fuqarolarning huquq hamda erkinliklari kafolatlarini yanada mustahkamlash va ishonchli himoyalashga hamda konstitutsiyaviy odil sudlovning roli va ahamiyatini kuchaytirishga xizmat qiladi. Unga muvofiq, Konstitutsiyaviy sudga qo‘shimcha vakolatlar berildi. Xususan, Konstitutsiyaviy sudga har yili Oliy Majlis palatalariga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risida axborot taqdim etish vakolati berilgani Konstitutsiya ustunligi prinsipini ta’minlashning huquqiy mexanizmini takomillashtirishga qaratilgan muhim tadbir ekanini tasdiqlaydi. 

Davra suhbatida Konstitutsiyaviy sudning davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi organlari, inson huquqlari sohasidagi milliy institutlar va nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorligi kabi masalalar qizg‘in muhokama qilindi. Shu bilan birga, inson huquqlarini sud orqali himoya qilishni takomillashtirish, Konstitutsiyaviy sudning parlament palatalari, Oliy sud, Ombudsman bilan o‘zaro hamkorligi to‘g‘risidagi masalalarga ham batafsil to‘xtalib o‘tildi. Konstitutsiyaviy sudning ushbu organlar va tashkilotlar bilan hamkorligini yanada takomillashtirish yuzasidan aniq taklif hamda tavsiyalar bildirildi.

Davra suhbati yakunlari bo‘yicha tegishli hujjat qabul qilindi.

Ziyoda ASHUROVA,
“Xalq so‘zi” muxbiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер