“Koʻnglimga bir yorliq, Haqdan inoyat”

13:19 29 Avgust 2023 Jamiyat
458 0

Oʻzbekiston xalq shoiri Enaxon Siddiqova agar hayot boʻlganida 69 yoshga toʻlgan boʻlardi. Ijodkor bugun dilbar sheʼrlarida, purmaʼno hikoyalarida, dolzarb mavzular qalamga olingan publitsistik asarlarida ikkinchi umrini yashamoqda. Uning “Qorakoʻz turnalar”, “Sumanbar nasim”, “Koʻngil ufqlari”, “Ishq ifori” kabi sheʼriy toʻplamlari, “Sirli tun faryodi” hikoyalar majmuasi, “Qizoyimlarga kelinlik saboqlari”, “Tibbiyot fidoyilari”, “Xaloskorlik”, “Eʼzozli ayollar” kabi publitsistik asarlari kitobxonlarning chinakam doʻstiga, hamrohiga aylangan.

Quyida shoira ijodidan namunalar tuhfa etamiz.

ESHIK ChERTILADI…

Eshik chertiladi…

Hapqirar yurak.

Hayallab boʻlsa ham keldimikan

Baxt?!

Balki olib tushgan koʻkdan farishta

Koʻnglimga bir yorliq, Haqdan inoyat.

Eshik chertiladi…

Balki bu xayol?!

Xazonlar tovshidir quloqqa ingan.

Balki hasratidir darbadar shamol

Rangsiz umidlari shoxlarda singan.

Eshik chertiladi…

Vaqtdir bu balki,

Bevaqt yuragimni taqillatyotgan.

Besamar yillarning armoni kabi

Koʻngilni zanglatib, zil bosib yotgan.

Eshik chertiladi…

Turaman behol,

Balki olma otayotir dov-daraxt.

Balki udir ishqimni qilgan uvol,

Ayro yoʻlda tashlab ketgan

Muhabbat!

Eshik chertiladi…

Uzoq kuttirmay,

Balki doʻst kelgandir oʻzi choparga.

Koʻngil bilan hech kimga aytmay,

Otlanamiz yorugʻ safarga.

Eshik chertiladi…

Anglatgil, yo Rab,

Meni uygʻotguchi sirli lahzadir.

Kimni rozi qildim dunyoda yashab?

Shu savol oldida yurak lagʻchadir.

Balki eshik qoqar… qiladi isyon,

Boʻgʻzimga qadalib yigʻlayotgan soʻz.

Koʻkrak qafasimda xoʻrlangan vijdon,

Balki qishdan ogoh qilmoqchidir kuz.

Eshik chertiladi…

Ochaman asta,

Qarogʻimda sizib, qotib qolar yosh.

Ostonamda turar horgʻin, xijolat –

Men kutmagan doʻstday kulib

Oltmish yosh.

Eshik chertiladi…

AYOL KETIB BORAR…

Ayol ketib borar yonib, guvillab,

Koʻnglida tiriklik qoʻngʻiroqlari.

Shamollar poyida yigʻlar bosh urib,

Sochib yuboradi gul yaproqlarni.

Ketib borar ayol… koʻngliga ishqmas,

Tikib tiriklikning bayroqlarini.

Qulogʻi kar dunyo, hayhot eshitmas,

Selday toshgan faryod, ingroqlarini.

Ayol ketib borar… tunday yoyilgan

Baxtsizlikday qaro sochlarin gʻami.

Koʻngil mehrobiga yoqib qoʻyilgan

Qirq bitta jonining qirq bitta shami.

Ketib borar ayol… yolgʻizlik aro

Sirpanchiq yoʻllari, qirovli, muzli.

Onhazratning ummatlari, xeshlari,

Hazrati erkaklar, eshityapsizmi?

Bu ketishi goʻyo koʻchkilar kabi,

Qurbon qushday toʻzgʻir dil rishtalari.

Muhabbatdan ketar, koʻngildan ketar

Xudoning yerdagi farishtalari.

Ketib borar ayol yonib, guvillab…

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер