Koʻngillilar koʻmagi qoʻl kelmoqda

18:20 08 Aprel 2020 Jamiyat
968 0

Buxoro shahridagi “Yoshlik” sport majmuasida joylashgan Homiylik mablagʻlarini muvofiqlashtirish markazida ishchan muhit hukmron.Maxsus “Call center” guruhi aʼzolari zamonaviy axborot vositalari orqali murojaatlarni qabul qilib olishayapti. Zudlik bilan shu va mahalla fuqarolar yigʻinlaridan tushgan maʼlumotlar asosida yordamga muhtoj fuqarolar roʻyxati shakllantirilmoqda. Koʻngillilar esa karantin tartib – qoidalariga amal qilgan holda oziq – ovqat mahsulotlarini qadoqlash va ajratilgan mashinalar vositasida ularni manzilga yetkazish bilan mashgʻul.

-Ehtiyojmand, yakka – yolgʻiz, nogiron fuqarolarga zarur yordam koʻrsatishda bizga koʻngillilar koʻmagi asqatmoqda,-deydi mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi Buxoro shahar boʻlimi raisi oʻrinbosari Usmon Joʻrayev. - Hozir markazimizda Saidjon Qoʻshshayev boshchiligidagi ellik nafarga yaqin yosh koʻngilli sifatida ishlab, yurtdoshlarimiz tashvishini yengillashtirga begʻaraz hissalarini qoʻshishmoqda.Qiyin ahvolga tushib qolgan fuqarolarga zudlik bilan manzilli yordam koʻrsatilyapti. Homiylik yordamlarini xavfsiz yetkazish maqsadida dezinfeksiya ishlari amalga oshirilmoqda.Tibbiy xizmat xodimlari ham faoliyat koʻrsatishmoqda.Darvoqe, koʻngillilarimiz manzilli yordam koʻrsatayotib, fuqarolarga “Aslo xavotirga tushmang. Davlatimiz Sizni yolgʻizlatib qoʻymaydi.Faqat uyda qolsangiz bas”, deyishni unutishmayapti.

Maʼlumotlarga qaraganda, markaz ish boshlagan qisqa vaqt ichida Buxoro shahrida istiqomat qiluvchi aholidan 600 dan ziyod murojaat kelib tushdi. Murojaatchilarning 500 nafaridan ortigʻiga kundalik zarur mahsulotlar – un, kartoshka, gurunch, shakar, makaron yetkazib berildi.Jarayon davom etmoqda.

Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер