Klaster iqtisodiyotga nima beradi?
Faylasuf Konfutsiy haqida shunday hikoyat bor: u yoshligida baliqchining oldiga boribdi. Baliqchi unga balig‘idan tutqazibdi. Shunda u baliqchiga qarab, “Menga yordam bermoqchi bo‘lsangiz, baliq bermang, balki tutishni o‘rgating. Shunda men bu hunar bilan oilamni boqaman, undan ortsa, qo‘shnilarimga, undan ham ortsa, xalqqa beraman”, debdi.
Yaqinda nashrdan chiqqan “Klaster — integratsiya, innovatsiya va iqtisodiy o‘sish” kitobini o‘qib chiqsangiz, bu hikmatning mohiyatini yanada teran anglaysiz. Negaki, bugun tilimizga yangi atama — klaster kirib keldi. Uning mohiyatini amaliyotga birinchilardan bo‘lib tatbiq etayotganlar nihoyatda yaxshi bilishadi.
Mazkur kitob mualliflaridan biri Murtazo Rahmatov tashabbusi bilan Buxoro viloyatida innovatsion loyiha — paxta-to‘qimachilik klasteri loyihasi ro‘yobga chiqarilmoqda. Unga ko‘ra, klaster tizimida jami sakkizta korxona faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Paxta ekishdan to tayyor mahsulotgacha bo‘lgan jarayonni yagona texnologik zanjirga birlashtirgan ushbu majmualar sohada innovatsion iqtisodiyotga o‘tishning muhim bosqichi hisoblanadi. Bunda ilm-fan, ta’lim hamda ishlab chiqarish integratsiyasi chuqurlashadi, yangi innovatsion texnologiyalarni amaliyotga jadal joriy etishga qulay sharoit yaratiladi.
Prezidentimiz o‘tgan yili Buxoro viloyatiga qilgan tashrifi davomida “Buxoro kotton tekstil” qo‘shma korxonasi va klaster loyihasi bilan tanishib, uni yanada takomillashtirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Unga muvofiq, loyiha yanada mukammallashtirildi. Ayni vaqtda klaster tizimiga Romitan tumanidan 8 ming gektar yer ajratildi. Ilgari shuncha maydonda atigi 436 kishi mehnat qilgan bo‘lsa, hozirgi kunda ularning soni 2 ming nafardan oshdi. Yerga chigit qadalib, g‘o‘za nihollari ilg‘or agrotexnika tadbirlari asosida parvarishlanmoqda. Loyihaning boshqa yo‘nalishlarida ham ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining o‘tgan yili Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbirda so‘zlagan nutqidagi “...paxtani yetishtirishdan tortib, undan tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan bosqichlarni o‘z ichiga qamrab olgan klaster usuliga biz O‘zbekiston paxtachiligining kelajagi sifatida qaramoqdamiz”, degan fikrlaridan ilhomlangan amaliyotchilar ushbu loyiha bilan keng jamoatchilikni tanishtirishni maqsad qildi.
Ayni vaqtda klaster yo‘nalishi iqtisodiyotning barcha tarmog‘i uchun istiqbolli ekanligini namoyon etmoqda. Shu ma’noda, mualliflar — iqtisod fanlari doktori Murtazo Rahmatov hamda biologiya fanlari doktori, akademik Bakriddin Zaripovning mazkur risolasi klasterning mohiyatini anglashda yurtdoshlarimiz uchun muhim qo‘llanma bo‘lishi mumkin.
Namoz BOTIROV.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring