Kitobxonlikni rivojlantirishda Andijon tajribasi
Avval xabar berilganidek, Fargʻona viloyati OAV vakillari Andijon viloyatida boʻlib, bu yerda roʻyobga chiqarilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy oʻzgarishlar bilan yaqindan tanishdilar. Fargʻonalik jurnalistlarda, jumladan, Andijonda ommaviy kitobxonlikni rivojlantirish borasida qilinayotgan ishlar katta qiziqish uygʻotdi. Andijon shahrida qad rostlagan Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabi, Choʻlpon bogʻi ularda unutilmas taassurotlar qoldirdi.

Andijon viloyati axborot-kutubxona markazi oʻziga xos tarixga ega. Aytish kerakki, bu yerda kitobxonlarni jalb etadigan ohanrabo, joziba bor. Yaqinda mahalliy byudjet mablagʻi hisobidan zamonaviy qiyofa kasb etgan markazda kitobxonlar bir paytning oʻzida mutolaa zavqini his etishi va yengil tamaddi qilib olishi uchun “Book kafe” tashkil etilgan. Shu bilan birga oilaviy tashrif buyuruvchilarning farzandlari uchun ertaknoma shaklda moʻjaz kutubxona, bolalar xonasi ochilgan. Bevosita oilaviy kitobxonlar bilan ishlovchi maxsus kutubxonachi faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.

— Oilaviy kitobxonlik uchun sharoit yaratilgach, oʻtgan qisqa davrda doimiy aʼzolarimiz 3 ming nafarga koʻpayib, umumiy kitobxonlarimiz soni 40 mingga yaqinlashdi, — deydi Andijon viloyati axborot-kutubxona markazi boʻlim boshligʻi Ozoda Burxonova. — Kitob fondimiz yangi badiiy adabiyotlar bilan boyitilib, 900 ming nusxaga yaqinlashib qoldi. Shuningdek, 3 ming nusxa elektron resurslar yaratildi va bu jarayon jadallik bilan davom etmoqda.

Aholi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni targʻib etish sohasida Andijonda toʻplangan tajriba chindan ham ibratga loyiqdir.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring