Kitobxon: “Insoniyat tarixi dunyoga buyuk shaxslarning kelishi bilan paydo boʻladi”
Maʼlumki, onlayn nashrimizda iqtisod fanlar doktori, professor Murtazo Rahmatov, biologiya fanlari doktori, professor, jahon fiziologlar jamiyati akademiyasi(Stokgolm) akademigi Bakridin Zaripov muallifligida “Isteʼdodli insonlar mamlakatning bebaho boyligidir” nomli kitobi chop etilgani haqida xabar bergan edik.
Kitobxonlardan biri Azimjon Ergashev ushbu risolani topib oʻqibdi. Mualliflarga oʻz minnatdorchiligini bildirish qatorida fikrlarini yoʻllabdi.
“Assalomu alaykum hurmatli Murtazo Ahmedovich, Bakridin Zaripovich!
“Isteʼdodli insonlar mamlakatning bebaho boyligidir” - deb nomlangan asarlaringni zoʻr qiziqish bilan oʻqib chiqdim va oʻzimda katta maʼnaviy qoniqishni his etdim.
Insoniyat tarixi dunyoga buyuk shaxslarning kelishi bilan paydo boʻladi. Shu shaxs tufayli kimdir yaxshi nom orttirib, kimdir “yomon otliq” boʻlib oʻtadi. Dunyoga buyuk shaxslar kelmagan davrda kimnidir yaxshiligi behisob boʻlsa-da yoki kimdir qanchalik razil boʻlmasin tarix sahifalariga yozilmaydi. Xuddi hazrat Paygʻambarimiz Muhammad Mustafo s.a.v. tufayli choriyorlar, sahobaikromlar, tobiyenlar bilan bir qatorda Abu Lahab singarilar eslangani kabi.
Li Kuan Yu ham yoʻq joydan Singapurni sayyoramizning eng zoʻr, ilgʻor davlatlaridan biriga aylantirgan yetakchi, buyuk shaxsdir. Uning hayot yoʻli dunyoning istisnosiz barcha davlat rahbarlari uchun ibrat namunasidir.
Jahon davlatchilik tarixida 17 asrda yashab oʻtgan Fransiyalik huquqshunos, yozuvchi va faylasuf Sharl Lui de Monteskyo demokratik davlat boshqaruvini nazariy asoschisi hisoblanadi. Uning fikriga koʻra, fuqaroning erkinligi uni qonunlarga boʻysunishidadir. Qonun va qoidalarni buzmagan, unga itoat qilgan shaxsni himoya qilgan jamiyat – adolatli jamiyatdir.
Li Kuan Yu ham davlatni boshqarishda qonun ustuvorligini, adolatni bosh, asosiy mezon qilib olganligini koʻramiz. Albatta, adolat ilohiy hukm, usiz hech qanday muvaffaqiyat ham, rivojlanish ham boʻlmaydi.
Hammamizga maʼlumki, mukammal qonunlar yaratilgunga qadar jamiyat diniy-sharʼiy qoidalari asosida boshqarilgan. Xuddi shunday hazrat Amir Temur davrilarida ham. Rivoyat qilishlaricha, Sohibqiron Amir Temur oʻz pirlaridan shariat ilmidan tashqari inson qalbini tarbiyalaydigan tariqatdan ham taʼlim olgandan soʻng, barcha illat qalb notozaligidan ekanligini anglaydi va barchani shariatdan tariqatga oʻtkazib muammolarni hal etmoqchi boʻladi. U kishining pirlari esa, el-ulus buni qabul qila olmasligini aytadi. Shundan keyin el-ulusni ishonch va qoʻrquv orasida ushlaganligini oʻz tuzuklarida bayon qilgan va shu orqali butun muzofotida tartib intizom oʻrnatgan.
Li Kuan Yu ham davlat boshqarishda xuddi shu yoʻldan borganligi qayd etilgan va mamlakatda tartib intizom oʻrnatgan.
Umuman olganda kitobni oʻqib juda katta tassurotlarga ega boʻldim.
Li Kuan Yuning tutgan yoʻllarini hozirgi tezkor zamonda qayta sinovdan oʻtkazib, fursat yoʻqotmasidan toʻgʻridan-toʻgʻri foydalanishga arziydi. Ayniqsa, moliya bank tizimidagi hushyorlik va aniq hisob kitoblar iqtisodiy masalalarda davlatni boshqarishda diqqatga sazovordir.
Korrupsiya kabi illat har qanday jamiyatni ichdan yemiradigan illat ekanligi isbot talab etilmaydigan hodisa oʻlaroq barchaga maʼlum narsa. Lekin unga qarshi kurashda Li Kuan Yuning oʻzi oila aʼzolari bilan yurish turishda, jamiyat aʼzolari ichida oʻzini tutishida barchaga namuna boʻlganligi beqiyos ahamiyat kasb etadi.
Hurmatli Murtazo Ahmedovich, Bakridin Zaripovich!
Sizlar tomoningizdan yaratilgan asar avvalam bor davlat xizmatida ishlayotgan mansabdorlar uchun amaliy qoʻllanma boʻlsa, yosh yetishib kelayotgan rahbar kadrlar uchun hayot darsi boʻlishi bilan ahamiyatlidir.
Sermahsul ijod har doim hamrohingiz boʻlsin!
Sizlarga cheksiz hurmat bilan Azimjon Ergashev".
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring