Kitob oʻqigan bir bola, televizor koʻrgan oʻn bolani boshqaradi
Mutolaa haqida koʻp va xoʻp aytilgan. Misol uchun, yapon oʻquvchilari kitobni “insoniyatning buyuk kashfiyoti” deya tan olishibdi. Rostdanam kitob boʻlmaganda boshqa kashfiyotlar qayoqda edi, dersiz? Kunchiqar yurtda soʻnggi yarim asrda ne-ne moʻjizalar yaratish barobarida millatning asriy qadriyatlarini saqlab qolishga mutolaa asosiy omil boʻlganiga misollar talaygina.
Mamlakatimiz rahbarining bugun kitob oʻqigan bir bola, televizor koʻrgan oʻn bolani ertaga boshqaradi, degan soʻzlarida ham farzand istiqbolida yurtning kelajagini koʻrayotgan otaning tashvishlari mujassam. Shu asosda soʻnggi yillarda respublikamizda noshirlik faoliyati, kitob mutolaasi bilan bogʻliq bir qator tadbirlar amalga oshirilib, adabiyotga oshno tutingan yoshlar intilishi ham moddiy, hamma maʼnaviy ragʻbat topmoqda.
Anʼanaviy “Zukko kitobxon” tanlovi shulardan biri boʻlib, uning viloyat bosqichida tuman va shahar bosqichlarida eng koʻp ball toʻplagan kitobxonlar bitta jamoa boʻlib oʻz hududlari sharafini himoya qilishdi.

— Tanlovda kitobxonlarning yoshi chegaralanmagan, — deydi viloyat yoshlar ishlari ittifoqi boshqarmasi mutaxassisi Zafar Niyozov. — Unda yetti yoshdan yetmish yoshgacha boʻlgan kitobxonlar ishtirok etishlari mumkin. Mana shu mezon nafaqat yoshlarimiz, balki oilalarda mutolaa muhitining shakllanishiga zamin yaratmoqda. Oilada kitobxonlik madaniyatining yuksalishi jamiyatda maʼnaviy muhit sogʻlomligining garovidir.
Tanlov yakuniga koʻra viloyatning Gʻozgʻon shahri jamoasi birinchi, Qiziltepa hamda Uchquduq tumanlari jamoalari ikkinchi va uchinchi oʻrinlarni qoʻlga kiritishib, tashkilotchilarning diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring