Kitob, kitobxon va kutubxona
Xabaringiz bor, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish va aholini kutubxonalarga jalb qilish maqsadida joriy yilning 18-22-aprel kunlari respublikamiz miqyosida “Kitobsevar millat” shiori ostida “Kitobxonlik haftaligi” oʻtkazildi. Haftalik doirasida joylardagi axborot-kutubxona markazlari, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tuman va shahar boʻlinmalari hamkorligida maktab va mahallalarda davra suhbatlari, ochiq muloqotlar, yozuvchi va shoirlar bilan adabiy uchrashuvlar, mahorat saboqlari kabi koʻplab qiziqarli tadbirlar tashkil etildi. Shuningdek, mamlakatimiz noshirlari chop etgan yangi asarlar taqdimoti, arzonlashtirilgan kitob savdo-yarmarkalari hamda turli aksiyalar boʻlib oʻtdi.
Mazkur haftalik Xorazm viloyatida ham uyushqoqlik bilan tashkil etildi. Zotan, azaldan sanʼat va madaniyat, ilmu maʼrifat markazlaridan sanalgan bu koʻhna zaminda kitobsevarlar, mutolaaga oshno boʻlib kamolga yetayotgan oʻgʻil-qizlarning safi keng.
— Dunyoda hamma narsa eskirishi, uning oʻrnini yangisi egallashi mumkin, lekin kitoblarning hayotimizda tutgan oʻrni, qadr-qimmati hech qachon oʻzgarmaydi. Aksincha, ular maʼnaviyatimizning, qalbimizning goʻzal obidasiga aylanib boraveradi, — deydi Mahmud Zamaxshariy nomidagi Xorazm viloyat axborot-kutubxona markazi direktori Rahimboy Qurbonov. — Shu sohada uzoq yillardan buyon faoliyat yuritayotgan vakil sifatinda meni quvontiradigan jihat shuki, hayotimizga Internet, raqamli texnologiyalar har qancha chuqur kirib bormasin, odamlarimiz kitobdan uzoqlashib ketmagan. Ayniqsa, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan Besh muhim tashabbusning toʻrtinchi yoʻnalishi, yaʼni kitob mutolaasi va kitobxonlik targʻiboti borasida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda olib borilayotgan keng qamrovli tadbirlar navqiron avlod vakillarida kitobxonlik madaniyatini shakllantirib, yuksaltirishga zamin yaratmoqda.
Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, Prezidentimizning 2019-yil 7-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati koʻrsatishni yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori doirasida Mahmud Zamaxshariy nomidagi Xorazm viloyat axborot-kutubxona markazida xizmat koʻrsatishning yangi shakllariga oʻtish, axborot yetkazish sifatini yaxshilash, aholini kitob mutolaasiga keng jalb qilish maqsadida bir qator yangiliklar joriy etildi.
Viloyat aholisiga 80 yildan ziyod vaqt mobaynida ziyo ulashib kelayotgan ushbu maʼrifat maskani bugun chindan ham butunlay yangicha qiyofa kasb etgan. Markaz binosi Investitsiya dasturi asosida rekonstruksiya qilinishi natijasida bu yerda eng zamonaviy sharoitlar yaratildi. Jumladan, yosh farzandi bilan kelgan kitobxonlar uchun oʻyinchoqlar bilan jihozlangan bolalar xonasi, yengil tamaddixona - Bookcafe, kitob doʻkoni faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Keksalar va jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarga qulay boʻlsin uchun markaz binosiga lift oʻrnatildi. Bu yerda masofadan turib kitob oʻqish uchun viloyatlar hamda rivojlangan davlatlar kutubxonalari bilan elektron aloqa oʻrnatish imkoniyati, yuqori tezlikdagi Wi-Fi zonasi mavjud.
— Rekonstruksiya ishlaridan soʻng Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi 200 million soʻmlik yangi jihozlar va kitoblar yetkazib berdi, «Quvonchbek - Mashhura» masʼuliyati cheklangan jamiyati esa jahonning turli kutubxonalarida saqlanayotgan noyob qoʻlyozmalarning asliga yaqinlashtirilgan nusxalarini yaratib, kutubxonamizga taqdim etdi, — deya davom etadi R. Qurbonov. — Bugungi kunda kitobxonlarmiz fondimizdagi kitoblarning raqamlashtirilgan toʻliq matnli elektron variantlaridan foydalanish imkoniyatiga ega. Oʻtgan yili markazimiz xodimlari 30 ming nafar foydalanuvchiga xizmat koʻrsatdi. Elektron kutubxonamizdan esa 10 ming nafardan ziyod kitobxon foydalandi. Axborot-kutubxona markazimiz fondi qariyb 600 ming nusxani tashkil etadi. Nodir va noyob adabiyotlar boʻlimida 2000 dan ziyod qoʻlyozmalar va qadimiy asarlar saqlanmoqda. Shuningdek, bu yerda 1940-yildan shu kungacha chop etilgan gazeta va jurnallar bilan tanishishingiz mumkin. Kitobxonlar markazda joriy etilgan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida yetakchi axborot – kutubxona markazlari, jumladan, Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi, Rossiya Federatsiyasining Boris Yelsin nomidagi kutubxonasidagi mavjud fondlardan bemalol foydalanadilar.
Aytganday, oʻtgan yili viloyatning Yangibozor tumanida ham zamonaviy dizaynga ega yangi kutubxona foydalanishga topshirildi. 200 mingdan ortiq kitob fondiga ega boʻlgan ushbu ziyo maskani bugungi kunda tuman yoshlarining qadrdon maskaniga aylangan.
Odilbek Odamboyev, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring