Xotira bor ekan — millat barhayot
Hasan Paydoyev - "Xalq so'zi"
Shu kunlarda yurtimizning boshqa hududlari singari Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 76 yilligi hamda Xotira va Qadrlash kuni bayramiga katta tayyorgargarlik ko‘rilmoqda. Tadbirlarda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylari holidan xabar olinib, bayram sovg‘alari taqdim qilinayotir.

Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Ikkinchi jahon urushiga 66 ming nafardan ortiq kishi ketgan bo‘lsa, 34 mingdan ziyodi o‘sha jang maydonlarida mardlarcha halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan.
Bu yil Qoraqalpog‘istonda 6 nafar urush qatnashchisi hozirgi nurafshon zamonamizga shukronalik keltirib, bayramni xursandchilikda kutib olmoqdalar. Nukus shahrida hamda Xo‘jayli, Qonliko‘l, Qorao‘zak, Qo‘ng‘irot va To‘rtko‘l tumanlarida umrguzaronlik qilib kelayotgan otaxonlar har kuni hurmat- e'tiborda.
Xo‘jayli tumanida yashovchi Nurulla ota Isakov 18 yoshida urushga otlangan edi. Hozirda 96 yoshni qoralagan otaxon urush yillarini eslarkan, bugungi nurafshon kunlarga shukronalik keltiradi. Yurtimizda Prezidentimizning urush va mehnat faxriylariga ko‘rasatayotgan g‘amxo‘rliklaridan minnatdor ekanligini alohida e'tirof qiladi.
Bugun Nurulla otaning xonadonida bayram munosabati bilan tadbir o‘tkazildi. Unda tuman prokuraturasi, “Nuroniy” jamg‘armasi, o‘quvchi yoshlar, keng jamoatchilik vakillari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok qildi.

— Nurulla otaning oramizda borligi biz uchun faxr, — deydi “Nuroniy” jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumani bo‘limi boshlig‘i Tavvakal Abduxalikov. — Shu o‘rinda Nurulla otamiz haqida qisqacha ma'lumot berib o‘tsam. Bu insonning jasorati, ko‘rgan kechirganlari, qilgan mehnatlari yosh avlodga ibrat, albatta. Nurulla Isakov 1943 yil sentyabr' oyida harbiy xizmatga chaqirilib, 1944 yil yanvar oyida II-Belarussiya frontiga yuborilgan. Vitebsk yo‘nalishida xizmatda bo‘ladi, 1944 yil yanvar', fevral' oylarida jangda ishtirok etib, 5 fevral kuni chap qo‘lidan yarador bo‘ladi. Yaroslavl' shahridagi gospitalda davolanib, shu yili mart oyida 202-sonli o‘qchilar poligonining o‘quv batal'onida kichik komandirlar tayyorlash kursini tamomlagan.
Serjant harbiy unvonini olib, II-Belarussiya frontining Mogilyov yo‘nalishiga yuborilgan. Shu yo‘nalishda iyun' oyida jangda ishtirok etib, Belarussiyani nemis fashistlaridan ozod etishda qatnashadi. 1944 yili 4 iyul kuni Polsha shahrida N.Isakov oyog‘idan og‘ir yarador bo‘ladi. So‘ng Chuvashiston Avtonom Respublikasidagi gospitalda davolanadi. 1944 yil oktyabr oyida II guruh urush nogironi bo‘lganligi uchun uyiga qaytarilgan. 1983 yil 20 martda “Mehnat faxriysi”, Davlat mukofoti 1994 yil 6 mayda “Jasorat” medali bilan taqdirlangan.

Shuningdek o‘tgan yillar davomida Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi sifatida g‘alaba bayrami munosabati bilan o‘nlab yubiley medalllari bilan taqdirlangan.
Nurulla ota kabi yurtdoshlarimiz ko‘rsatgan jasoratni bugungi kun yoshlariga yetkazish uchun ham ular bilan ko‘proq suhbat quramiz. Negaki, ular garchi oramizda bo‘lsalarda, biz kinolardagina ko‘radigan jang maydonlarida ishtirok qilgan va ularni bizga gapirib berayotgan tarixiy shaxslardir.
Nurulla ota turmush o‘rtog‘i Hamida Yusupova bilan birgalikda 3 nafar o‘g‘il hamda 6 nafar qizni kamolga keltirdi. Ayni paytda 40 nafar nevarasi va 42 nafar chevaralari ardog‘ida hayot kechirib kelmoqda.

Bayram munosabati bilan uyushtirilgan tadbirlarda otaxonning kayfiyati yanada ko‘tarildi. Ayniqsa, san'atkorlar va o‘quvchi yoshlar o‘sha paytdagi harbiylarning qo‘shiqlarini ijro etganida Nurulla ota ham jo‘r bo‘lib kuylay boshladi...
Ma'lumot uchun Xo‘jayli tumanidan jami 7594 nafar kishi Ikkichi jahon urushiga ketgan bo‘lsa, shundan 2280 nafari qaytib kelgan. 3652 nafari halok bo‘lgan, 1004 nafari turli darajada yarador bo‘lgan, 600 dan ortig‘i bedarak yo‘qolgan.
Orolbo‘yi tumanlarida “Xotira bor ekan — millat barhayot”, “E'tibor va g‘amxo‘rlik — insoniy burch” shiorlari ostida o‘tkazilayotgan tadbirlar davom ettirilyapti.
G‘ayrat OTAJONOV
“Xalq so‘zi”
Hasan PAYDOEV olgan suratlar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring