Xorazmda qutlugʻ bayram shukuhi
Odilbek ODAMBOYEV/“Xalq soʻzi”. Mamlakatimiz mustaqilligining 33-yillik bayramini barcha hamyurtlarimiz qatori Xorazm viloyati ahli ham koʻtarinki kayfiyat, munosib yutuqlar, ulkan bunyodkorlik va yaratuvchilik ishlari bilan kutib olmoqda. Bayram arafasida viloyatning bir qator hududlarida yangi ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish va infratuzilma obyektlari, taʼlim maskanlari, turarjoylar foydalanishga topshirildi. Xiva shahridagi loyiha qiymati 80 milliard soʻm boʻlgan “Humonur” savdo markazi, Urganch tumanida 50 milliard soʻm mablagʻ sarflab bunyod etilgan savdo majmuasi, “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida qurilgan koʻp qavatli turarjoylar shular jumlasidandir.
Istiqlol bayramining shukuhi dillardan dillarga koʻchib, har bir xonadonga, har bir mahallaga kirib bordi. Bayram tadbirlari mehnat jamoalarida, tuman markazlarida har qachongidan ham yuksak saviyada oʻtkazilmoqda.
Urganch shahridagi “Avesto” bogʻ majmuasida “Bir boʻlsak — yagona xalqmiz, birlashsak — Vatanmiz!” bosh gʻoyasi ostida tashkil etilgan bayram dasturi yurtdoshlarimiz va xorijlik mehmonlarga nihoyatda manzur boʻldi.
Tantanada soʻzga chiqqan Xorazm viloyati hokimi Joʻrabek Raximov voha ahlini qutlugʻ bayram bilan tabriklab, oʻtgan davr mobaynida viloyatda amalga oshirilgan keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari haqida toʻxtaldi, yurtimiz ravnaqi va xalqimiz baxt-saodati yoʻlida olib borilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini, uning samaralarini faxr bilan tilga oldi.
El sevgan taniqli sanʼatkorlar, baxshi-yu xalfalar, folklor jamoalari, estrada xonandalarining chiqishlarida ozod va obod yurtimiz, uning tolei baland mehnatkash xalqi, bugungi dorilamon kunlarga shukronalik tarannum etildi. Jahon tamadduniga ulkan hissa qoʻshgan ulugʻ ajdodlarimizning buyuk merosi, soʻnmas jasorati ramziy chiqishlar orqali ifodalandi.
— Bu yilgi bayram men uchun qoʻshaloq shodiyonaga aylandi, — deydi Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi Xorazm viloyati boʻlinmasi raqqosasi Dilnoza Artikova. — Istiqlolning oʻttiz uch yilligi arafasida “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan artist” unvoni bilan taqdirlandim. Keyingi yillarda yurtimizda milliy raqs sanʼatini rivojlantirishga boʻlgan eʼtibor mening sanʼat yoʻlidagi kamolotimga keng yoʻl ochdi. “Lazgi” xalqaro festivali va boshqa nufuzli tanlovlarda Gran-pri sohibi boʻldim. Maqsadim milliy raqslarimizni jahon sahnalarida mahorat bilan ijro etib, sanʼatimiz dovrugʻini dunyoga yoyish!
Bayram tadbirlari viloyatning barcha shahar va qishloqlarida, mahallalarda davom etmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring